Uzrli sabablarga ko‘ra o‘qishini ko‘chirish istagida bo‘lgan fuqarolar uchun imkoniyat yaratildi

    Prezidentning 279-sonli qarori 7-bandiga muvofiq uzrli sabablarga ko‘ra o‘qishni ko‘chirish to‘g‘risidagi arizalarni qabul qilish bo‘yicha hududiy Ishchi guruhlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

    Hududiy ishchi guruhlar 2022-yilning 20-dekabridan 2023-yilning 20-yanvar kuniga qadar (o‘sha kuni ham) faoliyat ko‘rsatadi.

    Yuqoridagi qarorga asosan fuqarolar quyidagi uzrli sabablarga ko‘ra hududiy ishchi guruhlariga ariza topshirishlari mumkin:

    - talaba oila qurishi munosabati bilan turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududdagi oliy taʼlim muassasasiga o‘qishini ko‘chirish uchun;

    - davlat organlarining xodimlari ish joyi o‘zgargan taqdirda uning turmush o‘rtog‘i yoki voyaga yetmagan farzandi o‘qishini ko‘chirish uchun (tegishli vazirlik (idora) rahbarining tavsiyasi asosida).

    Hududiy ishchi guruhlarga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

    - o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha ariza (ariza blankasi hududiy ishchi guruhi tomonidan beriladi va talaba tomonidan joyida to‘ldiriladi);

    - talabaning reyting daftarchasi yoki belgilangan shakldagi akademik maʼlumotnoma yoki transkript nusxalari (bittasi bo‘lsa yetarli);

    - pasport nusxasi;

    - yuqorida qayd etilgan uzrli sabablarni asoslovchi tegishli hujjatlar.

    O‘qishni qayta tiklash bo‘yicha (ko‘chirib tiklash bundan mustasno) arizalar talabaning chetlatilganligiga necha yil bo‘lganligidan qatʼi nazar bevosita o‘zi tahsil olgan OTMga taqdim etiladi.