"Uzsalaman" shuhrati qayta tiklanadi

    Sanoat 18 Yanvar 2021 1175

    Farg'ona viloyati hokimi Xayrullo Bozarov Farg'ona shahridagi poyabzal ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Uzsalaman” qo'shma korxonasida bo'ldi.

    Bu erdagi ishlab chiqarish jarayonlarini o'rgandi. Soha mutaxassislari bilan muammolar bo'yicha atroflicha suhbatlashdi.

    Bir paytlar mazkur korxonada 4 ming nafar ishchi-xodimlar ishlagan bo'lsa, bugunga kelib bor yo'g'i 160 nafar kishi mehnat qilmoqda xolos. 15 ming kvadrat metr yopiq binolar foydalanilmasdan bo'sh turibdi.

    Viloyat hokimi korxona tsexlarini ko'zdan kechirib, uning imkoniyatlarini o'rgandi. Ayni paytda 10 turdan ortiq poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarilayotgan bo'lib, ichki ishlar, milliy gvardiya soha vakillari uchun ham maxsus poyabzallar tayyorlanyapti.

    Uchrashuv davomida korxonaning soliqdan qarzdorligi mavjudligi mutasaddilar tomonidan aytildi. Bu yo'nalishda amaliy ko'mak beriladigan bo'ldi.

    Viloyat hokimi binolarni 2021-yil davomida to'liq ishga solish bo'yicha mutasaddilarga topshiriq berib, ushbu bino negizida charm va tikuvchilik yunalishida texnopark tashkil etish yuzasidan takliflar kiritish topshirildi.

    Farg'ona viloyati hokimligi matbuot xizmati