“Uzsharmexpo-2022” jahon tendensiyalarining muhokama markazi

    Biznes 24 May 2022 1121

    2022-yil 25-27-may kunlarida boʻlib oʻtadigan “UzCharmExpo-2022” 12-xalqaro koʻrgazma-yarmarkasi oldidan “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi rahbariyati Xalqaro charm ishlab chiqaruvchilar kengashi (ICT) kotibi Kerri Senyor bilan uchrashuv oʻtkazdi. Charm-poyabzal sanoatida xalqaro tashkilot bilan hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish masalasi muloqot mavzusi boʻldi.

    Uchrashuv avvalida mehmonga mamlakatimizda charm-poyabzal va moʻynachilik sanoatini yanada rivojlantirish borasida davlat tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar va yangilanishlar, qonunchilik bazasi, xorijiy sarmoyadorlarga yaratilgan sharoitlar, soliq va bojxona imtiyozlari, ishlab chiqarish va eksport salohiyati, xom ashyo bazasi toʻgʻrisida atroflicha maʼlumot taqdim etildi.

    Oʻz navbatida Kerri Senyor soʻnggi yillarda Oʻzbekiston charm-poyabzal sanoatida oʻsish dinamikasi kuzatilayotganini qayd etdi. Mamlakatimizda investorlar uchun yaratilgan sharoit, ochiq va liberal pul-kredit siyosati, davlatning tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslari har qanday xorijiy investorning mamlakatimizda biznesi kafolatlanganini anglatadi.

    Yigʻilishda terini qayta ishlash sanoatida ekologiya masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Dunyo charm-poyabzal va kiyim-kechak ishlab chiqaruvchilari, dizaynerlar tabiiy charmdan sifatli va salomatlik uchun xavfsiz mahsulotlar tayyorlashga katta eʼtibor qaratyapti. Bu oʻz navbatida charm ishlab chiqaruvchilarga bir qator talablarni qoʻyadi. Oʻzbekiston ham bu yoʻlda ishonch bilan olgʻa boryapti. Oʻzbekiston charm sanoatida keyingi 5 yilda charm ishlab chiqarish korxonalarining modernizatsiya qilinishi ekologiya masalalarini hal qilib keladi. Bu oʻz navbatida atrof-muhitni asrab-avaylashda, shubhasiz, muhim ahamiyatga ega.

    ICT – charmsanoat yoʻnalishidagi xalqaro tashkilot. Unga 1926-yilda asos solingan. Bugungi kunda mazkur xalqaro kengashga 34 ta davlat aʼzo. Oʻzbekiston 2018-yildan buyon ICTning teng huquqli aʼzosi sanaladi. Tashkilotning asosiy vazifasi charm mahsulotlari savdosini yagona xalqaro shartnomalar asosida amalga oshirish, xalqaro savdo barqarorligini taʼminlashdir. Shuningdek, tarmoq oldida turgan masalalarni birgalikda yechishda amaliy koʻmak koʻrsatishdir.

    Tomonlar joriy yil 25-27-may kunlarida Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan “UzCharmExpo 2022” xalqaro koʻrgazmasi davomida bevosita muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.