Uzumchilik sohasiga Italiya tajribasi joriy etiladi

    O'zbekistonning Italiyadagi elchixonasi ko'magida Toshkent viloyati Parkent tumani hokimi Shoxruh Shoahmedov Italiyaga safar uyushtirdi.

    Tashrif davomida Italiyaning uzumchilik va vinochilik bo'yicha ilg'or tajribasi bilan tanishildi hamda “Mediterraneo Wine&Food and Travel” xalqaro ko'rgazmasida ishtirok etildi.

    Neapol shahridagi o'rta asrlarga oid “Kastel-del-Ovo” (Castel Dell'Ovo) qal'asida o'tkazilgan ko'rgazmada Italiya qishloq xo'jaligi, xususan, uzumchilik va vinochilik sohalari bo'yicha tarixiy an'analar namoyish etildi.

    Tadbirning ochilish marosimida Italiya tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vaziri Luiji Di Mayo, Yevroparlament a'zosi Lyuchia Vuolo, Marokash qishloq xo'jaligi vaziri Amine Lagridi, Italiya qishloq xo'jaligi ishlab chiqaruvchilari uyushmasi prezidenti Janfranko Grechi, Italiya qishloq xo'jaligi vazirligi vakillari va boshqalar ishtirok etdi.

    Xalqaro ko'rgazma doirasida Italiyaning O'zbekiston bilan hamkorlikka qiziqish bildirgan “Consorzio Tutela Vini D'irpinia”, “Consorzio Tutela Mozzarella Di Bufala Campana”, “Confimea”, “Food by Italy”, “Cantina Moronia”, “Gelati Aloha”, “Fagri Food”, boshqa konsorsium va kompaniyalari bilan muzokaralar o'tkazildi.

    Italiya vakillari uchun O'zbekiston qishloq xo'jaligi, uzumchilik va vinochilik tarmog'i salohiyati to'g'risida taqdimot o'tkazildi.

    Unda soha rivoji bo'yicha ko'rilayotgan sa'y-harakatlar, ishlab chiqarish korxonalari, xususan investorlarga taqdim etilayotgan imtiyozlar haqida so'zlab berildi. Toshkent viloyati Parkent tumanida joriy yil kuzida ilk bor o'tkazilishi rejalashtirilgan “Uzum sayli” xalqaro festivali alohida ta'kidlandi.

    Bo'lib o'tgan muzokaralar natijasida Toshkent viloyati hokimligi va Italiya qishloq xo'jaligi ishlab chiqaruvchilari uyushmasi o'rtasida kelgusi hamkorlik to'g'risida memorandum imzolandi.

    Kelishuv tomonlar o'rtasida o'zaro savdo aloqalarini o'rnatish, Italiya oziq-ovqat brendlarini mamlakatga jalb qilish, biznes missiyalarni uyushtirish hamda Yevropa Ittifoqi standartlariga mos mahsulotlarni ishlab chiqarish bo'yicha malaka oshirish kurslarini yo'lga qo'yishni nazarda tutadi.

    Uchrashuvda Italiya qishloq xo'jaligi ishlab chiqaruvchilari uyushmasi prezidenti Janfranko Grechi Parkent tumanida o'tkaziladigan “Uzum sayli” xalqaro festivalini tashkil etishga yaqindan ko'maklashishga tayyorligini bildirgan, deb xabar beradi Toshkent viloyati hokimligi Axborot xizmati.