Uzumchilik: yangi imtiyoz va imkoniyatlar tashabbuslarga qanot boʻlmoqda

    Yurtimizda bogʻdorchilikning eng muhim tarmoqlaridan biri boʻlgan uzumchilik jadal rivojlanmoqda. Bu borada Fargʻona viloyatida oʻziga xos tajriba va mahorat maktabi shakllangan boʻlib, milliy qadriyat darajasidagi ushbu anʼanalar zamonaviy mezonlar asosida yaxshilanib borayotgani quvonarlidir.

    Ezgu tashabbuslar doirasida uzumning sanoatbop navlarini koʻpaytirish, qayta ishlash, sohaga ilm-fan yutuqlarini keng joriy etish, eksport salohiyatini oshirish kabi muhim jihatlarga katta eʼtibor qaratilyapti. Ayni paytda korxonamiz tasarrufidagi uzum plantatsiyalarida dunyoning turli qitʼalaridan keltirilgan eng noyob uzum navlari parvarishlanayotgani, jahon andozlari darajasida qayta ishlanayotgani va eksport qilinayotgani, ekoturizm jadal rivojlanayotganini hayotbaxsh islohotlarning amaliy samarasi sifatida eʼtirof etish mumkin.

    Yaqinda Prezidentimiz raisligida uzum yetishtirish, uni sanoat usulida qayta ishlashni rivojlantirish hamda hududlarda ekoturizmni yoʻlga qoʻyish boʻyicha oʻtkazilgan yigʻilishda eng muhim ustuvor vazifalar belgilandi. Bu mamlakatimiz aholisini sifatli mahsulotlar bilan taʼminlash, iqtisodiyot “drayveri” boʻlgan eksport salohiyatini oshirishda muhim ahamiyatga ega. Boisi bogʻdorchilik va uzumchilik milliy qadriyatlarimizga xos oilaviy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashda juda ham koʻl keladi.

    Darhaqiqat, tarmoqda seleksiya ishlarini jadallashtirish, intensiv usulda koʻchat yetishtirish va parvarishlash, jahon bozorida xaridorgir danaksiz uzum navlarini koʻpaytirish hamda qayta ishlash sanoatiga yangi texnologiyalarni joriy etish oldimizda turgan eng muhim vazifalar sirasiga kiradi.

    Endilikda uzum plantatsiyalari uchun subsidiyalar ajratilayotgani ayni muddao boʻldi. Bu yangi tokzorlarni barpo etish, eski bogʻ va uzumzorlarni yangilash tizimida oʻziga xos imkoniyat, imtiyozlar beradi. Sertifikatlangan yangi uzum plantatsiyalarining har bir gektariga 10 mln. soʻmdan subsidiya ajratilishi bizni behad mamnun etdi. Yangi tokzorlar uchun bir dona artezian quduq yoki nasos stansiyasi qurishga har 10 gektarga 120 mln. soʻmgacha subsidiya beriladi. Qishloq xoʻjaligida foydalanilmaydigan, hosildorligi past boʻlgan tashlandiq yerlarda tokzorlar barpo etayotgan biz kabi tashabbuskor tadbirkorlar uchun bunday imtiyozlar juda ham zarur.

    Davlatimiz rahbari topshirigʻi asosida shu yilning 10-13-iyul kunlari Fargʻona viloyatida uzum yetishtirish va qayta ishlash tajribasiga bagʻishlangan seminar-trening oʻtkazildi. Mamlakatimizning barcha hududlaridan tashrif buyurgan tadbirkorlar, fermerlar, bogʻbonlar korxonamizda boʻlib, faoliyatimiz bilan yaqindan tanishishdi. Intensiv usulda yetishtirilayotgan uzum plantatsiyalarimiz, bevosita korxonamizning oʻzida ular uchun mahorat darslari tashkil etildi. Yangi-yangi hamkorlik kelishuvlariga erishildi.

    Joriy yilning shu kuniga qadar Rossiya, Qozogʻiston, Boltiqboʻyi mamlakatlariga 200 ming yevrolik tayyor mahsulot turlarini yetkazib berdik. Bu borada ishga solinmagan imkoniyatlarmiz bor. Asosiy maqsad, Fargʻona bogʻlarida yetishtirilgan sara mahsulotlar ekspor hajmini yana-da koʻpaytirish.

    Bugun jahon bozorida mayiz va tabiiy vino mahsulotlari xaridorgir. Ayni jihatlarni inobatga olib, korxonamiz faoliyatini ilgʻor tendensiyalar asosida rivojlantirish, yangi tokzorlar barpo etish, mahsulot turlarini kengaytirish, ekoturizm salohiyatini yuksaltirish uchun istiqbolli biznes-rejalar ishlab chiqishni maqsad qilganmiz.

    Azizbek KOMILJONOV,

    “Ferghana France” MCHJ shaklidagi qoʻshma korxona rahbari