Hindiston Press-klubida boʻlib oʻtgan muloqot chogʻida ikki davlat oʻrtasida soʻnggi yillarda izchil rivojlanib borayotgan serqirra hamkorlikni keng yoritish, mamlakatlarimizda hayotga tatbiq etilayotgan keng koʻlamli islohotlar mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, ushbu jarayonga yetakchi ommaviy axborot vositalarini faol jalb qilish masalalari muhokama etildi.
Oʻzbekistonning Dehlidagi elchisi Sardor Rustamboyev, “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari bosh muharriri Salim Doniyorov, Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov, Hindiston Press-klubi prezidenti Gautam Lahiri va boshqalar xalqlarimizning azaliy doʻstlik rishtalarini yanada boyitishda ommaviy axborot vositalari xodimlarining alohida oʻrni va yuqori masʼuliyati borligini taʼkidladi.
Tadbirda Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi va Hindiston Press-klubi oʻrtasida ahdlashuv memorandumi imzolandi.
– Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2022-yil 27-iyundagi “Ommaviy axborot vositalarini qoʻllab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida mamlakatimiz media sohasi vakillarini xorijda bilim va malakasini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan, – deydi Xolmurod Salimov. – Oʻzbekiston va Hindiston jurnalistlar tashkilotlari oʻrtasida imzolangan hamkorlik memorandumida oʻzbekistonlik jurnalistlarni Hindistonda bilim va malakasini oshirish, taniqli hind jurnalistlari ishtirokida mahorat darslari oʻtish va boshqa muhim vazifalar koʻzda tutilgan. Bu, albatta, oʻzaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Ushbu hujjatga koʻra, shuningdek, jurnalistlarning ijodiy safarlari tashkil etiladi, oʻzaro ilgʻor tajriba almashish chora-tadbirlari koʻriladi, axborot almashinuvlari yoʻlga qoʻyiladi, birgalikda turli anjumanlar va tanlovlar oʻtkaziladi.
Hindistonning yetakchi “The Economic Times” va “The New Indian Express” gazetalarida boʻlib oʻtgan uchrashuvlar chogʻida mazkur nashrlar hamda “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari oʻrtasida ijodiy munosabatlarni yoʻlga qoʻyish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
“ The Economic Times ” gazetasi ijrochi muharriri Pranab Samanta va “The New Indian Express” gazetasi muharriri Santvana Bhattacharya Oʻzbekiston hayotida soʻnggi yillarda roʻy berayotgan yangilanish jarayoni, mamlakatning izchil tashabbuslari bugun xalqaro koʻlamda katta qiziqish uygʻotayotganini qayd etib, oʻzaro ijodiy aloqalarni yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish har ikki tomon uchun ham manfaatli boʻlishiga ishonch bildirdi.
– Bugun jahon miqyosidagi yirik ommaviy axborot vositalari Oʻzbekistonda boʻlayotgan yangilanishlar va islohotlarni yoritishga alohida eʼtibor qaratyapti, – deydi Salim Doniyorov. – Shundan kelib chiqib, mamlakatimizning yetakchi nashrlari xalqaro aloqalarini izchil rivojlantiryapti. Jumladan, “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari vakillari Hindistonning yirik media tuzilmalari bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi. Biz hind hamkasblarimiz bilan maqolalar, video va audio kontentlar almashish, birgalikda ekspertlar guruhini tashkil etib, mamlakatlarimiz hamkorligining turli jihatlari haqida tahliliy materiallar tayyorlashga kelishib oldik.
Oʻzbekiston va Hindiston yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillarining muloqotlari chogʻida ikki tomonlama ijodiy aloqalarni yangi bosqichga koʻtarishning amaliy yoʻnalishlari belgilab olindi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.