Samarqandda Turkiy davlatlar tashkilotining sammiti bo‘lib o‘tadi

    Xalqaro hamkorlik 10 Noyabr 2022 3182

    Joriy yilning 10-11-noyabr kunlari Samarqand shahrida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar rahbarlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tadigan tadbirda Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban ishtirok etadi.

    Shuningdek, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY), Turkiy davlatlar parlament assambleyasi (TURKPA), Xalqaro turkiy akademiya, Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi hamda ushbu ko‘p tomonlama tuzilmaning kotibiyati rahbarlari qatnashishi rejalashtirilgan.

    Sammit kun tartibidan iqtisodiyot, savdo, investitsiya, transport, innovatsiya, ekologiya, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli va ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish, Tashkilot faoliyatini takomillashtirish masalalari o‘rin olgan. Bu BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga to‘liq mos keladi.

    Yakunda Samarqand deklaratsiyasi hamda Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan boshqa muhim qaror va hujjatlar qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.