Poytaxtimizda yana bir yangi yoʻl oʻtkazgich qurilishi yakunlanmoqda

    Urbanizatsiya 26 Iyun 2020 1914

    Poytaxtimizning Sergeli tumanida soʻnggi 3-4 yilda roʻy berayotgan oʻzgarishlar, olib borilayotgan bunyodkorliklar ushbu tumanni shahar ichidagi shaharga aylantirib yubormoqda.

    Oʻtgan qisqa vaqt davomida mazkur tumanda barpo etilgan 460 ta koʻp qavatli uylarning foydalanishga topshirilishi bu yerga 100 mingdan ziyod aholi koʻchib kelishiga va ular sonining 276 ming nafardan ortishiga sabab boʻldi. Buning natijasida, infratuzilma tarmoqlariga yuklama ham ortmoqda. Shu bois bu yerda qoʻshimcha muhandislik obyektlari, tumanni shaharning markaziy qismi bilan bogʻlovchi yoʻl va koʻpriklar qurilishiga katta ahamiyat qaratilmoqda.

    Bu ishlarga “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyatining “Koʻprikqurilish tresti” unitar korxonasi jamoasi ham munosib hissa qoʻshmoqda. Korxona mutaxassislari tomonidan Sergeli tumanidagi Qipchoq koʻchasining Toshkent – Angren temir yoʻli bilan kesishmasida transport yechimi (yoʻl oʻtkazgich) qurilishi ishlari yakuniga yetmoqda.

    Maʼlumki, ushbu yoʻnalish Sergeli tumanining eng serqatnov hududlaridan biri boʻlib, tumanning 2 ta yirik qismini bir-biriga bogʻlaydigan asosiy transport yoʻlagidir.

    Loyihaga asosan yoʻl oʻtkazgichning umumiy uzunligi 772,5 metr boʻlib, kengligi oʻrtacha 28 metrni tashkil etadi hamda temir yoʻl liniyasi ustidan qariyb 9 metr balandlikdan oʻtadi. Inshootning estakada qismi uzunligi 445,3 metr, balandligi 8,2 metr, tirgak devorlarining umumiy uzunligi esa 327,2 metrdan iborat boʻldi, deb xabar beradi Transport vazirligi matbuot xizmati.

    Mutaxassislarning taʼkidlashicha, bugungi kungacha ushbu yoʻl oʻtkazgichning qariyb 90 foizga yaqin qurilish ishlari yakunlangan. Faqat soʻnggi asfalt yotqizish va piyoda yoʻlaklarini pardozlash hamda obodonlashtirish ishlari qoldi.