баннер
22 Apr 2025
17:14

    Vagondagi tosh plitalar orasiga yashirilgan sigaretalar fosh boʻldi

    Davlat xavfsizlik xizmati hamda Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirlarda yirik miqdorda tamaki mahsulotlarini noqonuniy olib kirishga urinish bartaraf etildi.

    Qayd etilishicha, tezkor tadbirda tadbirkorlik subyektlaridan birining nomiga keltirilgan hamda tezkor kuzatuvga olingan temir yoʻl vagoni Toshkent shahridagi bojxona omborlaridan birida koʻrikdan oʻtkazildi.

    Yoʻl-yuk kuzatuv hujjatlariga koʻra, vagonga travertin plitalari ortilgan boʻlib, koʻrik davomida ushbu toshlar orasiga zarqogʻozga oʻralgan 51 dona qogʻoz qutilar yashirilgani aniqlandi.

    Ushbu qutilar belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida ochib koʻrilganida, ularning ichida 76 ming 500 quti tamaki mahsulotlari yashirilgani fosh boʻldi.

    Tezkor tadbir Buxoro viloyatida ham davom ettirildi. Tezkor tuzilmalar xodimlari “Xoʻjadavlat” temir yoʻl chegara bojxona posti vakillari bilan birgalikda aynan ushbu tadbirkorlik subyekti nomiga keltirilgan yana bir vagonni koʻzdan kechirishdi.

    Ushbu vagonga ham xuddi yuqoridagi kabi travertin plitalari orasiga zarqogʻozga oʻralgan 91 dona qogʻoz qutilari yashirilgani fosh boʻldi.

    Mazkur qutilarda ham Oʻzbekiston Respublikasining aksiz markasi bilan qadoqlanmagan, sifatini va tabiiyki bojxona rasmiylashtiruvini ham tasdiqlovchi hujjatlari boʻlmagan 79 ming 90 quti sigaret borligi aniqlandi.

    Yuqoridagi tezkor tadbirlar davomida huquqbuzarlardan olib qoʻyilgan 155 ming 590 quti tamaki mahsulotlarining umumiy qiymati dastlabki hisob-kitoblarga koʻra 7,5 mlrd soʻmdan oshmoqda.

    Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech