Vahshiylikni tasvirga olib ijtimoiy tarmoqlarga tarqatganlar qamoqqa olindi

    Xavfsizlik 24 Noyabr 2020 724

    “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi qonunining 6-moddasiga koʻra, ommaviy axborot vositalaridan zoʻravonlik gʻoyalarini targʻib qilish maqsadida foydalanilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

    “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonunning 15-moddasida davlatning axborot borasidagi xavfsizligini taʼminlashning yoʻllaridan biri sifatida zoʻravonlikni, shafqatsizlikni targʻib qiluvchi gʻoyalarni oʻz ichiga olgan axborot tarqatilishiga qarshi harakatlar qilish ekanligi mustahkamlangan.

    Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahridagi savdo markazlaridan birida qonga bulgʻangan pichoqni koʻtarib, ikki kishini oʻlimiga sabab boʻlgan fuqaroning tasviri aks etgan video hamda fotolavhalar tarqaldi va omma orasida turlicha muhokamalarga sabab boʻldi.

    Shov-shuvlarga sabab boʻlgan ushbu video (foto) yuzasidan IIB xodimlari tekshiruv ishlarini olib borishdi. Vahshiylik aks etgan ushbu videolavhalar 3 nafar samarqandlik yigitlar tomonidan tasvirga olinib, tarqatilgani maʼlum boʻldi.

    Bu ham yetmaganidek, ushbu fuqarolar bilan aholi orasida bu kabi zoʻravonlik va shafqatsizlik aks etgan lavhalarni tarqatmaslik yuzasidan tushuntirish ishlarini olib borish uchun borgan IIB xodimlariga faol qarshilik koʻrsatish qanchalik toʻgʻri?!

    Ushbu shaxslarga nisbatan tegishli tartibda maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, profilaktik tushuntirish ishlari olib borildi. Samarqand shahar maʼmuriy ishlar boʻyicha sudi tomonidan uchala yigitga nisbatan maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi.

    Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi barcha OAV xodimlari, blogerlar va fuqarolarning axborotni olish, undan foydalanish va tarqatish huquqlari mavjudligini eslatib oʻtadi. Faqatgina bunday harakatlar qonun doirasida amalga oshirilishi lozim.

    Eslatib oʻtamiz Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda 189-1 va Jinoyat kodeksida 130-1-moddalar mavjud boʻlib, zoʻravonlikni yoki shafqatsizlikni targʻib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish uchun javobgarlik belgilangan.

    Samarqand viloyati IIB axborot xizmati