“Vakantiebeurs” sayyohlik ko‘rgazmasiga O‘zbekistondan ishtirokchilar jalb etiladi

    O‘zbekistonning Bryusseldagi elchixonasida Niderlandiyaning «Oezbekistan Reizen» (Uzbekistan Travel) kompaniyasi rahbari Ardyan Langdiyk bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

    “Oezbekistan Reizen” – Niderlandiyadan Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, O‘zbekistonga sayyohlarni jalb etishga ixtisoslashgan sanoqli kompaniyalardan biri. COVID-19 pandemiyasi paytida o‘z faoliyatini to‘xtatib turishga majbur bo‘lgan «Oezbekistan Reizen» hozirgi kunda o‘z ishini qayta tiklab, 2023 yilning sayyohlik mavsumiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

    Suhbat davomida O‘zbekiston turizm salohiyatini ilgari surish borasidagi hamkorlik yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Jumladan, Ardyan Langdiyk pandemiyadan avval Niderlandiyadan O‘zbekistonga bir nechta sayyohlar guruhini yuborgani va ular yaxshi taassurotlar bilan qaytganini maʼlum qildi. Ishbilarmonning aytishicha, oxirgi bir necha yil davomida niderlandiyalik sayyohlar orasida Markaziy Osiyoga bo‘lgan qiziqish sezilarli darajada ortgan. Shu bois ayni paytda u O‘zbekistonni ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida ilgari surish niyatida.

    Muloqot davomida niderlandiyalik sayyohlarni O‘zbekistonga jalb qilish uchun manzilli ish olib borish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

    Bundan tashqari, tomonlar Yevropada O‘zbekistonning gastronomiya turizmi sohasidagi salohiyatini ilgari surishga alohida eʼtibor qaratdilar. Niderlandiyalik turoperatorning aytishicha, o‘zbek milliy taomlarining mazasi va xilma-xilligi, meva va sabzavotlarning sifatidan kelib chiqqan holda bu yo‘nalishdagi ishlarni ham faollashtirish uchun katta imkoniyatlar mavjud.

    Suhbat yakunida amaliy hamkorlikning ilq qadami sifatida 2023 yil 11-15 yanvar kunlari Niderlandiyaning Utrext shahrida bo‘lib o‘tadigan “Vakantiebeurs” sayyohlik ko‘rgazmasiga O‘zbekistondan ishtirokchilarni jalb etishga kelishib olindi.

    Maʼlumot tariqasida qayd etish joizki, “Vakantiebeurs”- Niderlandiyadagi eng yirik sayyohlik ko‘rgazmalaridan biri bo‘lib, uning ishi bilan har yili o‘rtacha 100 ming kishi tanishadi, ishtirokchilari soni esa 1100 dan ortiqni tashkil etadi.