Valensiya va Samarqand tarixiy munosabatlarni qayta tiklamoqda

    Ispaniyadagi ommabop «El Periódico de Aquí» va «ComarcalCV» xalqaro onlayn nashrlarida «Valensiya va Samarqand tarixiy munosabatlarni qayta tiklamoqda» sarlavhali maqolalar e'lon qilindi,

    «Hozirgi paytda Xitoyni O'rta er dengizi bilan bog'laydigan qadimiy savdo yo'li tutashgan bu ikki shaharni bir-biriga yaqinlashtirish bo'yicha ishlar olib borilmoqda, - deb yozgan muallif. - Boy tarix va jo'shqin madaniyatga ega bo'lgan mazkur ikki shaharlar chegara va asrlardan oshib ketadigan yangi aloqa o'rnatish arafasida. Fernando Molina boshchiligidagi Ispaniya Ipak instituti rahbarligida YUNESKO koordinatori, O'zbekistonning Valensiyadagi faxriy konsuli Xose Mariya Chikilo ko'magida Valensiya va Samarqand o'rtasida birodarlik aloqalarini o'rnatish bo'yicha qat'iy qadamlar qo'yilmoqda».

    Nashrlarda Xitoyni O'rta er dengizi bilan bog'lagan savdo yo'llari tarmog'i bo'lgan qadimiy Ipak yo'li madaniy va savdo almashinuvining tarixidagi eng katta yutuqlaridan biri bo'lgani qayd etilgan. «Bu yo'lning asosiy shaharlaridan biri - Samarqand savdo va madaniyat markazi sifatida, ipak va boshqa tovarlar ayirboshlashdagi o'rni bilan mashhur bo'lgan», deyiladi maqolada.

    Maqolalarda Valensiya va Samarqand o'rtasidagi birodarlashgan shaharlar maqomi qator moddiy va nomoddiy manfaatlarni va'da qilishi ta'kidlangan. Birinchidan, bu ikki shahar o'rtasida madaniy turizm va tajriba almashishni rivojlantirishga xizmat qiladi, bu esa ijobiy bilim va boylik oqimini yaratadi.

    «Bundan tashqari, birodarlashgan shaharlar aloqalari san'at, ta'lim va madaniy merosni asrab-avaylash kabi sohalarda hamkorlik qilish imkoniyatlarini kengaytiradi, - deyiladi manbalarda. -Ko'rgazmalar, seminarlar va ta'lim dasturlarini almashish imkoniyati har ikki shahar aholisi uchun yangi istiqbollarni ochadi».

    Maqolalarda ma'lum qilinishicha, Valensiya va Samarqand shahar kengashlari o'zaro birodarlik aloqalariga zamin yaratayotgan bir paytda, Ispaniya Ipak instituti Valensiyaning turizm bo'yicha yangi shahar kengashi a'zosi Paula Llobetga hamkorlik bo'yicha kelishuv taklifini taqdim etgan.

    «Ushbu taklif strategik ahamiyatga ega va kelajakda hamkorlik va ipak merosini rivojlantirish uchun yangi eshiklarni ochadi. Bu zamonaviy jamiyatda tarixiy aloqalar qanchalik dolzarb bo'lib qolishi, qadimiy madaniy boylik bo'lgan ipak ikki olis joyni birodarlik bag'rida birlashtirgan mushtarak ip bo'lishi mumkinligini eslatib turadi. Tarix va ipak birlashtirgan Valensiya va Samarqand birgalikda kelajak avlodlar xotirasida qoladigan do'stlik va hamkorlikning yangi sahifasini ochmoqda»,- deyiladi maqolalar xulosasida.