Valyuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi

    Moliya 27 Mart 2021 940

    Endilikda tijorat banklarining naqd valyuta mablagʻlarini olib chiqish uchun murojaati Markaziy bank tomonidan uch bank ish kunidan oshmagan muddatda koʻrib chiqiladi.

    Markaziy banki boshqaruvining Oʻzbekiston Respublikasida valyuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish qarori qabul qilindi.

    Qaror Oʻzbekiston Respublikasining “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-avgustdagi PF–6044-son “Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonga muvofiq qabul qilindi.

    Unga koʻra, tijorat banklari tomonidan naqd valyuta mablagʻlarini Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankini xabardor qilish tartibida amalga oshiriladi.

    Birinchidan, naqd valyuta mablagʻlarining Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilganligi toʻgʻrisidagi xabarnomalar tijorat banklari tomonidan uch kun muddat davomida Markaziy bankka taqdim etiladi.

    Ikkinchidan, tijorat banklari tomonidan naqd valyuta mablagʻlarini Oʻzbekiston Respublikasi hududidan olib chiqish Markaziy bankning ruxsati asosida amalga oshiriladi.

    – Markaziy bankning ruxsatini olish uchun tijorat banklari Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqishga moʻljallangan valyutaning turi, uning summasi, valyuta mablagʻlari qaysi davlatga olib chiqilishi, xorijiy bankning nomi, naqd valyuta mablagʻlarini olib chiqish maqsadlari koʻrsatilgan arizani Markaziy bankka taqdim etadi.

    Uchinchidan, tijorat banklarining naqd valyuta mablagʻlarini olib chiqish uchun murojaati Markaziy bank tomonidan uch bank ish kunidan oshmagan muddatda koʻrib chiqiladi.

    – Koʻrib chiqish natijalari boʻyicha tijorat banklariga naqd valyuta mablagʻlarini Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqish uchun ruxsat beriladi. Tijorat banklariga naqd valyuta mablagʻlarini Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqish uchun ruxsat berishni rad qilish faqat tijorat banklarining murojaati belgilangan talablarga muvofiq boʻlmaganda amalga oshiriladi.