Van Gog kartinasi rekord darajada sotildi

    Vincent Van Gogning avval hech qayerda namoyish qilinmagan surati Parijdagi Sothebyʻs kim oshdi savdosida 13 million yevroga sotildi, deb xabar bermoqda Deutsche Welle.

    Modilyani, Roden, Kamilla Klodel, Dega, Kleye i Magritt kabi taniqli rassomlarning 33 ta asari namoyish etilgan kim oshdi savdosining kulminatsion nuqtasi Van Gog kartinasining sotilishi bilan yakunlandi.

    “Bir asr davomida shaxsiy kolleksiyada boʻlgan va shu haftada birinchi marta omma eʼtiboriga havola etilgan “Monmartrdagi koʻcha manzarasi” kartinasi Parijdagi kim oshdi savdosida 13 million 091 ming 250 yevroga sotildi”, — deyiladi kim oshdi savdosi uyining Tvitterdagi xabarida.

    “Monmartrdagi koʻcha manzarasi” Van Gog tomonidan 1887-yilda Parijda akasi Teo bilan birga yashagan paytida yaratilgan. Rasmda Monmartrning ramzlaridan biri — “Mulen de la Galett” shamol tegirmoni tasvirlangan. Ushbu asar 1920-yildan beri shaxsiy kolleksiyada saqlangan.

    “Van Gogning Monmartr davridagi juda oz sonli rasmlari dunyodagi nufuzli muzey kolleksiyalarida emas, balki shaxsiy kolleksiyalarda saqlanib qolgan. Bunday afsonaviy seriyadagi, ushbu kalibrdagi asarning bozorda paydo boʻlishi, shubhasiz, juda muhim voqea”, — deydi Sothebyʻs vakillari.

    Taʼkidlash kerakki, rasmning taxminiy bahosi 5-8 million yevroni tashkil etgan.