Maʼlum qilinishicha, ushbu nizomga koʻra, sugʻurta hodisalari yuzaga kelganda sugʻurtalangan shaxslarga quyidagi toʻlovlar toʻlanadi:
- 2026-yil 1-yanvardan homiladorlik va tugʻish nafaqasi;
- 2026-yil 1-iyuldan vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi.
Sugʻurtalangan shaxslarga sugʻurta hodisasi yuzaga kelganda, toʻlovlar quyidagi shartlarga asosan tayinlanadi:
- davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha toʻlovlarni olish huquqi quyidagi davrlardan birida yuzaga kelganda:
- sugʻurtalangan shaxslar ish beruvchi bilan mehnat munosabatlarida boʻlgan davrda;
- yuridik yoki jismoniy shaxslar bilan tuzilgan fuqarolik-huquqiy xususiyatga ega shartnomalar asosida xizmat koʻrsatayotgan davrda;
- qonunchilikda belgilangan tartibda boshqa rasmiy faoliyat bilan band boʻlgan davrda;
- homiladorlik va tugʻish nafaqasini olish uchun kamida 10 oy, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasini olish uchun kamida 6 oy sugʻurta staji mavjud boʻlsa.
Shuningdek, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi boʻyicha toʻlovlar mehnatga layoqatsizlik varaqasida koʻrsatilgan barcha davr uchun, biroq 1 kalendar yil davomida 182 kalendar kundan oshmagan qismi uchun amalga oshiriladi.
Homiladorlik va tugʻish boʻyicha nafaqa miqdorini hisoblashda sugʻurtalangan shaxsning sugʻurta stajiga mutanosib ravishda oʻrtacha oylik ish haqiga quyidagi staj koeffitsiyenti qoʻllaniladi:
- 10 oydan 24 oygacha (24-oy ham kiradi) sugʻurta stajiga ega boʻlganda – 75 foiz;
- 25 oydan 60 oygacha (60-oy ham kiradi) sugʻurta stajiga ega boʻlganda – 85 foiz;
- 61 va undan ortiq oy sugʻurta stajiga ega boʻlganda – 100 foiz.
Sugʻurtalangan shaxslarga tayinlangan davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha toʻlovlarni toʻlash moliyaviy agent tomonidan amalga oshiriladi.








