Vaqtinchalik roʻyxatda turgan fuqarolarning farzandlarini maktabga qabul qilishda cheklovlar mavjud emas, – vazirlik

    Ta'lim 7 Iyul 2025 1052

    Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida vaqtinchalik roʻyxatda turganlar maktabga qabul qilinmayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu holat yuzasidan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi maʼlumot berdi.

    Unda aytilishicha, ayni vaqtda 1-sinfga qabul boʻyicha elektron platformalar Ichki ishlar vazirligining “Yashash manzil reyestri“ va Adliya vazirligining tegishli elektron tizimlariga integratsiya qilingan hamda shu asosda maktabga biriktirilgan mikrohududda doimiy yashovchi fuqarolarning farzandlari maktabga qabul qilinmoqda.

    Bundan koʻzlangan asosiy maqsad, oʻquvchilarni maktabga xavfsiz qatnashi uchun ularni yashash manzilidagi maktabga birinchi navbatda qabul qilish, boshqa hududdagi maktablarga qatnashda bolalarning xavfsizligini taʼminlash va tirbandliklarni oldini olishdan iborat.

    Maʼlum qilinishicha, 1-avgustdan boshlab mikrohududdan tashqari qabul doirasida, shu jumladan vaqtinchalik roʻyxatga qoʻyilgan fuqarolarning farzandlari ham maktabga qabul qilinadi.

    Hurmatli ota-onalar!

    Vaqtinchalik roʻyxatda turgan fuqarolarning farzandlarini maktabga qabul qilishda cheklovlar mavjud emas.

    Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq, maktab yoshiga yetgan har bir bolaning bilim olish huquqi kafolatlanadi va hech bir bola taʼlimga jalb etilmasdan — maktabga joylashmasdan qolmaydi.

    Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi ushbu qonuniy talablardan kelib chiqqan holda, bolalarning bilim olish va maktabga jalb etishda birdek masʼul va manfaatdordir.

    Ota-onalardan farzandlarini joriy yil 31-iyulga qadar doimiy yashash manzili boʻyicha maktabga joylashtirishlarini soʻragan holda, 1-avgustdan eʼtiboran mikrohududdan tashqari maktablarga berish imkoniyati borligini eslatib oʻtamiz.

    Maʼlumot uchun: joriy oʻquv yilida 738 ming nafar bola birinchi sinfga qabul qilinishi rejalashtirilgan. Bugungi kunga qadar umumiy oʻrta taʼlim maktablarining 1-sinfiga 512 ming nafardan ortiq bolalar qabul qilindi, — deyiladi xabarda.