Aniqlanishicha, “Zafar” MCHJ va Navoiy shahar hokimligi oʻrtasida 2022-yil 21-iyulda Navoiy shahrida boʻlib oʻtadigan bayram tadbirida mushakbozlik xizmatini koʻrsatish toʻgʻrisida shartnoma tuzilgan.
Mazkur shartnomaga muvofiq belgilangan tartibda umumiy qiymati 55 mln soʻmlik bayram tadbirida mushakbozlik xizmati koʻrsatilgan.
Shartnomaning predmetiga koʻra, pudratchi boʻlib oʻtadigan bayram tadbirida mushakbozlik xizmatini koʻrsatish, buyurtmachi koʻrsatilgan xizmatlar haqini toʻlash majburiyatini olgan.
Shartnomaning 3,3-bandida ish bajaruvchi tomonidan ish bajarilgandan soʻng buyurtmachi shartnoma umumiy summasining 100 foizini 5 bank ish kunida toʻlab berishi belgilangan.
Ish bajaruvchi tomonidan shartnomada belgilangan xizmatlar toʻliq bajarilib, bu haqda 2023-yil 10-martdagi 1-sonli hisob-faktura maʼlumotnomalari tuzilib, taraflar tomonidan tasdiqlangan.
Oʻrganish davomida jamiyat tomonidan koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlovlarni amalga oshirish yuzasidan 2023-yil 22-fevraldagi 36-sonli talabnoma orqali Navoiy shahar hokimligiga murojaat qilingan. Biroq bugungi kunga qadar qarzdorlik qoplab berilmaganligi, topshirilgan mahsulotlar boʻyicha tuzilgan shartnoma gʻaznachilik boʻlimidan roʻyxatdan oʻtkazilmaganligi aniqlandi.
Shu bois, Vakil tomonidan Karmana tumanlararo iqtisodiy sudiga jamiyat manfaatini koʻzlab daʼvo arizasi kiritilishi natijasida Karmana tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 18-iyuldagi hal qiluv qarori bilan “Zafar” MCHJ foydasiga Navoiy shahar hokimligidan 55 mln soʻm undirish belgilandi.