Taʼlim sohasidagi yetakchilarni birlashtiruvchi dunyoning nufuzli platformalaridan biri hisoblangan anjumanda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi ijrochi direktori, professor Gulnoza Ismailova ishtirok etdi.

“Leading the Way: Navigating Volatility and New Realities in International Education” (“Xalqaro taʼlimdagi beqarorlik va yangi voqeliklar sharoitida yetakchilik”) shiori ostida oʻtgan anjuman butun dunyodagi universitetlar, xalqaro ofislar va taʼlim tashkilotlari rahbarlarini bir yerga jamladi.

100 dan ortiq sessiya va davra suhbatlari doirasida ishtirokchilar geosiyosiy omillarning akademik mobillikka taʼsiri, global hamkorlik modellarining transformatsiyasi, universitetlarning strategik xalqaro mavqeyini rivojlantirish kabi masalalarni muhokama qildilar.

Siyosiy va meʼyoriy oʻzgarishlar sharoitida institutsional strategiyalarni qayta koʻrib chiqish, xalqaro taʼlimda moslashuvchan va tadbirkorona yetakchilikni shakllantirish, shuningdek, akademik mobillik, hamkorlik va taʼlim jarayonlarini boshqarishda sunʼiy intellektdan foydalanish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

“El-yurt umidi” jamgʻarmasining AIEA anjumanidagi ishtiroki xalqaro aloqalarni mustahkamlash, yetakchi ekspertlar bilan tajriba almashish hamda xorijiy universitetlar bilan strategik sheriklikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qilish imkonini berdi.

Xususan, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi ijrochi direktori Gulnoza Ismailova Xalqaro taʼlim instituti (IIE) prezidenti Jeyson Chij bilan oʻtkazgan uchrashuv yakunida ikki tomonlama anglashinuv memorandumi imzolandi. Hujjatga koʻra, Fulbrayt stipendiya dasturi doirasida qoʻshma taʼlim dasturini yoʻlga qoʻyish hamda Oʻzbekiston va AQSH universitetlari oʻrtasida qoʻshma diplom yoʻnalishidagi hamkorlikni jamgʻarma orqali amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Shu bilan birga, Nyu-York shtati universitetlari birlashmasi (SUNY), Texas Xalqaro taʼlim konsorsiumi (TIEC), PeopleCert, QS, IELTS USA va TOEFL tashkilotlari vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazilib, oʻzbekistonlik yoshlar uchun taʼlim olish va kasbiy rivojlanish imkoniyatlarini kengaytirish kabi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Milan politexnika universiteti, Merilend universiteti, Pensilvaniya davlat universiteti, Illinoys universiteti vakillari bilan oʻtkazilgan muzokaralar davomida texnik va konchilik sohalarida kadrlarni tayyorlash, kiberxavfsizlik, yer resurslari, baliqchilik, qishloq xoʻjaligi va sugʻorish boʻyicha oʻquv kurslarini tashkil etish hamda tibbiyot va shaharsozlik yoʻnalishlarida hamkorlik imkoniyatlari muhokama etildi.

Jamgʻarma inson kapitalini mustahkamlash boʻyicha davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlari doirasida Oʻzbekistonning global taʼlim makoniga integratsiyalashuvi va xalqaro akademik aloqalarni rivojlantirish borasidagi tizimli ishlarni davom ettirmoqda.