Vashingtonda yetakchi kompaniyalar ishtirokida davra suhbati boʻlib oʻtdi

    Joriy yil 20-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Jamshid Xodjayev boshchiligidagi delegatsiyaning AQSHga tashrifi doirasida Amerikaning yirik ishbilarmon doiralari vakillari bilan davra suhbati boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining oʻrinbosari Akram Aliyev ham ishtirok etdi.

    Tadbirda Cove Capital LLC, City, Bridge Capital Group, Creative Associates, FL Smith, dōTERRA, Creative Associates, FL Smith, dōTERRA, CalCity Industrial Park LLC, Crown Iron Works, Edvard, Austin, Nobel- Systems, North Coast Communications, Komatsu, JP Morgan, Minnesota Soybean Association kabi 40 dan ortiq yirik kompaniyalar va korporatsiyalar rahbarlari ishtirok etdi. Shuningdek, uchrashuvda Oʻzbekiston-Amerika Savdo palatasi rahbariyati, Oq uy maʼmuriyati va AQSH Savdo vazirligi ekspertlari ham ishtirok etdi.

    Ishbilarmon doiralar vakillari Oʻzbekistonni Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish boʻyicha AQSH bilan muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlanganini olqishladilar va bu jarayon mamlakatimizning xalqaro iqtisodiy aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidladilar.

    Oʻz navbatida, Amerika kompaniyalari rahbarlariga Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlarining rivojlanish dinamikasi, Oʻzbekistonda xorijiy investorlar uchun yaratilgan keng imkoniyatlar, yangi qoʻshma loyiha tashabbuslari taqdim etildi. Ishtirokchilar Oʻzbekistondagi islohotlar natijalarini, xususan, togʻ-kon sanoati, axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalar, qishloq xoʻjaligi, mashinasozlik va agrosanoat majmuasi kabi sohalarda yaratilgan imkoniyatlarni yuqori baholadi.

    Tadbir interaktiv tarzda oʻtkazildi: har bir kompaniya rahbari bilan davra suhbatida ham, G2B muzokaralarda ham hamkorlik istiqbollari atroflicha muhokama etildi. Ishbilarmon doiralar vakillari muhokama etilgan loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish jarayonida Oʻzbekiston hukumati har tomonlama yordam koʻrsatishga toʻliq tayyor ekanligiga ishontirildi.

    Davra suhbati yakunlari boʻyicha tomonlar hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha kelgusi yil uchun harakatlar rejasini ishlab chiqishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.