Poytaxtimizdagi “Xalqlar do'stligi” maydoni har yili davlatimiz bayrog'i qabul qilingan sanada o'zgacha fayz oladi. Bu yerda Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi va tegishli vazirliklar hamkorligida Davlat bayrog'i qabul qilingan sanani tantanali nishonlash an'anaga aylangani quvonarli.  Bayrog'imiz qabul qilinganining 32 yilligi munosabati bilan “Muqaddasdir Vatan bayrog'i!” shiori ostida o'tgan tantanali tadbirni odatdagidek  Minhojiddin Mirzo kirish so'zi bilan ochdi.

 — Prezidentimizning xorijiy davlatlarga safarlari davomidagi oliy darajadagi uchrashuvlar chog'ida, sportchilarimiz xalqaro musobaqalarda g'oliblikni qo'lga kiritgan paytlarida O'zbekiston davlat madhiyasi chalinib, bayrog'imiz ko'tarilganda tanimizni yoqimli titroq chulg'aydi, ko'zlarimizga yosh qalqiydi. Bu holni tushuntirib, ifodalab berish qiyin. Lekin aminmanki, bu tuyg'u nima ekanini O'zbekistonni jon dilidan sevguvchi farzandlari yaxshi anglaydi, yurakdan tuyadi, — dedi RMMM rahbari.

Tadbirda O'zbekiston Respublikasi davlat bayrog'i qabul qilingan kunning 32 yilligi munosabati bilan bir guruh ziyolilar, ma'rifat targ'ibotchilari “Ma'naviyat fidoyisi” ko'krak nishoni bilan taqdirlandi. Shuningdek sana munosabati bilan o'tkazilgan tanlovlar g'oliblari ham munosib rahbatlantirildi. Vatanni madh etuvchi kuy va qo'shiqlar ijro etilib, Milliy gvardiya qo'shinlari ishtirokida harbiy chiqishlar namoyish etildi.

Davlat bayrog'i qabul qilinganining 32 yilligi munosabati bilan viloyatlar, tumanlarda, poytaxtimizning boshqa hududlarida ham qator tadbirlar tashkil etildi.

Munojat Mo'minova