Vatan himoyachisi xotirasi yodga olindi

    Harbiy 13 Yanvar 2021 2434

    2000-yil avgust oyida mamlakatimizning janubiy chegaralarini buzib kirishga uringan qabih niyatli toʻdaga qarshi kurashda oʻz jonini fido qilganlar orasida surxondaryolik serjant Muhiddin Eshtemirov ham bor edi.

    Oradan yigirma yildan ortiq vaqt oʻtgan boʻlsa-da, bugungi osuda hayotimiz uchun halok boʻlganlar xotirasi takror va takror yodga olinadi. Janubiy operativ qoʻmondonlik boshligʻi, polkovnik Qodirjon Tursunov bir guruh harbiy xizmatchilar bilan birgalikda M.Eshtemirov xonadonida boʻldilar. Harbiy xizmatchilarning yoʻqlovi farzandidan erta ayrilgan Manzura aya Dillayeva koʻnglini togʻday koʻtardi.

    Termizlik botir jangchining koʻrsatgan jasorati vafotidan soʻng davlatimizning yuksak mukofoti – “Jasorat” medali bilan taqdirlandi. “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli kuchlariga 10.15.20 yil”, “Oʻzbekiston mustaqilligiga 25 yil”, “Oʻzbekiston Konstitutsiyasiga 25 yil” esdalik nishonlari bilan mukofotlandi. Ayni paytda Muhiddin ulgʻayib, voyaga yetgan mahallaga Muhiddin Eshtemirov nomi berilgan.