“Vatan himoyasi — muqaddas burch”

    Harbiy 18 Yanvar 2021 5444

    Toshkent davlat transport universitetida “Vatan himoyasi — muqaddas burch” mavzusida tadbir bo'lib o'tdi.

    Unda institut professor-oʻqituvchilari, iqtidorli talaba-yoshlar, Ichki ishlar vazirligi qorovul qoʻshinlari orkestri hamda 7531-sonli harbiy qism maxsus vazifalarni bajaruvchi safarbarlik vzvodi shaxsiy tarkibi askarlari qatnashdi.

    Tadbirda davlatimiz rahbarining Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigida bidirilgan fikr-mulohazalar, maqsad va vazifalar xususida soʻz bordi. Prezidentimiz tabrikda yoshlar xususida yana bir bor toʻxtalib, yangi Oʻzbekistonda yosh avlodning jismoniy va maʼnaviy sogʻlom, Ona Vatanga fidoyi va jonkuyar insonlar boʻlib ulgʻayishi, shonli tariximizdan ibrat olib, undan faxrlanib yashashi uchun barcha kuch va imkoniyatlarimizni toʻliq safarbar etamiz, dedi.

    Tadbirda Ichki ishlar vazirligi Qorovul qoʻshinlari orkestri tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi davlat madhiyasi yangradi. Vatanimiz harbiy salohiyati, mard oʻgʻlonlarimiz jasorati hamda ona Oʻzbekistonimizga cheksiz muhabbat tuygʻulari madh etilgan sheʼrlar tinglandi. Universitet iqtidorli talabalari Bekzod Ubaydullayev, Ilxom Inomjonov, Jamshid Qoʻchqorov, Abbos Hamrayev oʻzlarining qoʻshiqlari bilan tadbirga bayramona kayfiyat bagʻishladi.

    Tadbirda 7531-sonli harbiy qism Maxsus vazifalarni bajaruvchi safarbarlik vzvodi shaxsiy tarkibi koʻrgazmali chiqishlar, jangovor sahna koʻrinishlari, akrobatik harakatlardan iborat chiqishlar namoyish etdi.

    — Tadbir biz yoshlarda katta taassurot qoldirdi, ularni Ona Vatanni sevish va himoya qilishga undadi, harbiy kasb maʼsuliyatini anglatdi. — deydi universitet talabasi Abdumutal Amirjanov. — Biz talabalarning jasoratli va mard boʻlib shakllanishimizda beqiyos kuch-qudrat, gʻayrat-shijoat baxsh etadi. Zero, Ona yurtni sevish, uni koʻz qorachigʻidek asrash, istiqloli va istiqboli, osoyishtaligi va farovonligi uchun kurashish, bu yoʻlda hatto oʻz jonini ham qurbon qilish har bir oʻgʻilning muqaddas burchidir.

    G. Niyazova,

    avtomobil transporti muhandisligi fakulteti

    katta oʻqituvchisi

    M.Alimov,

    fakultet dekani maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha

    muovini