Davlatimiz rahbari parlament va yurtdoshlarimizga yoʻllagan Murojaatnomasida mamlakatimiz taraqqiyoti bilan bogʻliq katta maqsad va ustuvor yoʻnalishlarni belgilab berar ekan, “Bunday ulugʻvor vazifalar bizdan yurtimizda tinchlik va barqarorlikni, millatlar va dinlararo doʻstlik va ahillikni yanada mustahkamlash, Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyatini oshirishni talab etadi”, dedi.
Yuksalish, taraqqiy etishning eng birlamchi zarurati tinchlikdir. Tinchlik, osudalik yoʻq joyda rivojlanish haqida gap ham boʻlishi mumkin emas. Buni hozir dunyoning turli burchaklarida davom etayotgan oʻzaro mojarolar, qurolli toʻqnashuvlar misolida yaqqol koʻrish mumkin. Shu maʼnoda, 2017-2025-yillar Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari uchun zamon talablariga mos taraqqiy etib, zamonaviy armiya nuqtayi nazaridan rivojlanishning yangi, tarixiy bosqichiga koʻtarilish davri boʻlganini taʼkidlash joiz.
Ushbu yillarda harbiy sohada keng koʻlamli modernizatsiya amalga oshirildi: qoʻshinlar zamonaviy qurol-yarogʻ, jangovar texnika, oʻq-dorilar, kommunikatsiya va kuzatuv vositalari bilan jihozlandi. Harbiy aviatsiyada yangi turdagi vertolyot va samolyotlar oʻzlashtirildi, havo mudofaasi tizimiga zamonaviy zenit-raketa majmualari joriy etildi. Poligonlarda real jangovar sharoitga yaqin mashqlar, qoʻshin turlari oʻrtasida hamkorlikdagi operatsiyalar, taktik va strategik oʻquvlar muntazam oʻtkazila boshladi.
Bugungi Oʻzbekiston armiyasining harakatlanish tezligi, aniqligi, intizomi va texnologik salohiyati aynan shu izchil modernizatsiya siyosatining bevosita natijasidir. Yangi texnikalar, raqamli boshqaruv tizimlari, hamkorlikda ishlovchi qoʻshin turlari va malakali harbiy kadrlar armiyani mintaqamizdagi eng ishonchli va jadal rivojlanayotgan mudofaa tizimlaridan biriga aylantirdi.
Xalq — yagona maqsad va gʻoya atrofida birlashgan ulkan kuch. Askarning eng katta tayanchi ham xalqimizning ishonchi va duosidir. Xalq va armiya birligi Oʻzbekiston mudofaa tizimining eng muhim mezonlaridan. Bugun harbiy xizmatchilar kundalik xizmat jarayonidan tortib, dala-oʻquv mashgʻulotlarigacha boʻlgan barcha bosqichda aynan mana shu tamoyilga tayanadi.
Soʻnggi yillarda harbiy boʻlinmalarda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimi tubdan takomillashtirildi. Harbiy psixologlar faoliyati kengaytirildi, boʻlinmalarda psixologik barqarorlikni mustahkamlash boʻyicha amaliy mashgʻulotlar muntazam oʻtkazilmoqda. Shuningdek, harbiy xizmatchilar uchun huquqiy savodxonlik darslari, boʻlinma komandirlari bilan maʼnaviy-maʼrifiy suhbatlar, yosh askarlar uchun moslashuv davri boʻyicha psixologik treninglar, oilaviy masalalar boʻyicha psixologik maslahatlar keng yoʻlga qoʻyildi.
Mana shunday maʼnaviy tayanch va ruhiy barqarorlik harbiy xizmatchining jangovar tayyorgarligi bilan bir qatorda armiyaning umumiy salohiyatini oshiradigan muhim omildir. Askarning qalbidagi Vatanga muhabbat, zimmasidagi masʼuliyat va sadoqat uni haqiqiy mudofaa kuchiga aylantiradi.
Eng muhimi, Qurolli Kuchlarimiz bugun nafaqat yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi tayanchi, balki oʻzbek xalqi vatanparvarligi, birligi va qudratining haqiqiy ramziga aylandi.
Davlatimiz rahbari, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev taʼbiri bilan aytganda, “Bugungi kunda global axborot makonidagi qarama-qarshilik, inson, ayniqsa yosh avlodning ongi va qalbi uchun kurashning kuchayishi sharoitida harbiy-vatanparvarlik tarbiyasining roli va ahamiyati ortib bormoqda.
Oʻz farzandlarida yuksak vatanparvarlik ruhini kamol toptira olmagan davlat, qanday qudratli qurolga ega boʻlmasin, mudofaa qobiliyatini mustahkamlay olmaydi”.
Harbiy yoʻnalishdagi oʻqituvchilarning asosiy vazifasi ham Vatanni jonidan sevuvchi, uning ravnaqi va tinchligi uchun elim, yurtim deb yonib yashaydigan mard oʻgʻlonlar, oʻzbek vatanparvarlarini tarbiyalab, voyaga yetkazishdir. Bu tarbiya, albatta, axloqiy, mehnat, estetik, siyosiy hamda jismoniy turlar bilan uzviy bogʻliqlikda olib borilishi kerak. Tarbiya turlari orasida harbiy-vatanparvarlik muhim oʻrin egallaydi.
Oʻtgan yillarda milliy armiyamizni isloh qilish, Qurolli Kuchlarning tashkiliy tuzilmasi va dislokatsiya tizimini takomillashtirish, qoʻshinlarni zamonaviy qurol-yarogʻ va texnikalar bilan jihozlash, harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligi va shayligi, kasbiy mahoratini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Oʻtgan davrda boʻlinmalarning texnik va zaxira taʼminoti tizimi tubdan qayta koʻrib chiqildi, autsorsing xizmatlari va harbiy klasterlar tizimi yoʻlga qoʻyildi. Mudofaa sanoati majmuasi korxonalari faol rivojlantirilmoqda, ayrim turdagi qurol-yarogʻ va texnika turlarini ishlab chiqarish hamda modernizatsiya qilishni mahalliylashtirish jarayoni boshlandi. Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tayyorlashga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, “Jasorat maktablari”dagi oʻquv yigʻinlariga 5000 dan ziyod yosh jalb qilindi.
Harbiy xizmatchilar va oila aʼzolarining ijtimoiy himoyasi kuchaytirildi. Qilingan ishlar natijasida qoʻshinlarning tayyorgarligi samaradorligi, harbiy xizmatchilarning professionalligi, jangovar ruhi va psixologik shayligi sezilarli darajada oshdi. Harbiy oliy taʼlim muassasalari faoliyatida harbiy kadrlarni ilgʻor texnologiyalar asosida tayyorlash boʻyicha yangi tizim joriy qilindi.
Bundan tashqari, sohani raqamlashtirishga alohida eʼtibor qaratildi. Qoʻshinlarni boshqarishning zamonaviy avtomatlashtirilgan tizimi bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.
Jahondagi murakkab global jarayonlarni inobatga olgan holda Qurolli Kuchlarning qudrati, mamlakatning mudofaa qobiliyati va harbiy salohiyatini yanada oshirish maqsadida qator ustuvor vazifalar belgilangan. Xususan, Qurolli Kuchlarning raqamli salohiyatini oshirish va axborot xavfsizligini taʼminlash, harbiy xizmatchilarning zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish borasidagi bilimi va koʻnikmasini oshirish, qoʻshinlarning jangovar ruhi va salohiyatini yuksaltirish, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash tizimini muntazam ravishda takomillashtirib borish, oʻquv jarayoniga harbiy tayyorgarlikning zamonaviy usullarini keng joriy etish shular jumlasidan.
Bularning har biri alohida ahamiyatga ega. Masalan, chaqiriqqa qadar boshlangʻich tayyorgarlik mashgʻulotlari, harbiy-vatanparvarlik va ommaviy mudofaa tadbirlarida oʻquvchi-yoshlar Qurolli Kuchlarimiz saflaridagi boʻlajak xizmati va Vatanimiz himoyasi uchun zarur bilim, koʻnikma va malakani oʻzlashtiradi. Ular bu mashgʻulotlar va tadbirlarda harbiy ish hamda xizmat asoslariga doir dastlabki maʼlumotlarni oladi. Qurolli Kuchlarimiz tarixi, bugungi faoliyati va salohiyati, qoʻshin turlari, ularning vazifalari, xizmat qilish tartibiga doir zarur bilimlarni oʻzlashtiradi.
Bugun sohadagi islohotlar doirasida harbiy taʼlim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarish hamda zamon talablariga mos oliy harbiy taʼlim muassasalari faoliyatini yoʻlga qoʻyish borasida tizimli ishlar bajarilmoqda. Mamlakatimizda qoʻmondonlik va texnik kadrlar tayyorlaydigan, bir necha oʻquv muassasalarini birlashtirgan koʻp bosqichli harbiy taʼlim tizimi yoʻlga qoʻyilgan. Jumladan, Jamoat xavfsizligi universitetining tashkil etilishi hisobiga mazkur sohada malakali ofitser kadrlar tayyorlanayotgani fikrimiz tasdigʻidir.
Taʼlim-tarbiya masalasi har bir davlat uchun muhim vazifa. Rivojlangan davlatlarning tarixiy tajribasi jamiyat hayotini oʻzgartirishga qaratilgan har bir islohot aynan taʼlim tizimidan boshlanganini koʻrsatadi. Vatanparvarlik tarbiyasi poydevori esa harbiy taʼlim muassasalarida qoʻyiladi.
Bizning asosiy vazifamiz yoshlarni ana shu jarayonga jalb qilish, ular ongiga Oʻzbekiston kelajagi aynan yoshlar qoʻlida ekanini singdirish, kundalik mashgʻulotlar, turli tadbirlar davomida ularda vatanparvarlik, millatparvarlik tuygʻularini yanada mustahkamlashdir.
Shuhrat HOTAMOV,
Jamoat xavfsizligi universiteti dotsenti,
polkovnik