Vatan sarhadlari ishonchli qo'llarda

    Beshariq tumanidagi Musiqa va san'at maktabida Respublika ma'naviyat va ma'rifat markazi va Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo'shinlari bilan hamkorlikda “ Vatan ostonasi” shiori ostida ma'naviy-ma'rifiy tadbir tashkil etildi.

    Respublika “Ma'rifat” targ'ibotchilar jamiyati a'zolari, taniqli teatr aktyorlar, shoir va yozuvchilar, olim, san'atkorlar mahalla ahli, harbiylarning oila a'zolari va yoshlar bilan uchrashib dildan suhbat qurishdi.

    Vatan posbonlari tomonidan tashkil etilgan qurol-aslahalar va harbiy texnikalar ko'rgazmasi, shuningdek, shijoatli harbiylar bajargan qo'l jangi mashqlari namoyishi hech kimni befarq qoldirmadi.

    – Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo'mondoni Shavkat Mirziyoev raisligida joriy yilning 13 yanvar` kuni bo'lib o'tgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig'ilishida, harbiy xizmatchilarning axloqiy-ruhiy va jangovar tayyorgarligini kuchaytirish, yoshlarda vatanparvarlik tuyg'usini yuksaltirish bo'yicha bergan tavsiyalari xalq va armiyani bir maqsad yo'lida birlashtirdi, – deydi Respublika ma'naviyat va ma'rifat markazi Farg'ona viloyat bo'limi boshlig'i Ma'sudjon Sulaymonov. – Bunday amaliy uchrashuvlar viloyatimizdagi har bir chegara oldi hududlar, shahar va tumanlarda, yoshlar,nuroniylar ishtirokida katta uyushqoqlik, ko'tarinkilik bilan o'tmoqda. Harbiylarga kitoblar sovg'a qiliniyapti. Yurt tinchligi, sarxadlarimiz mustahkamligi yo'lida o'z oromidan kechib, tunu kun sergaklikni yo'qotmayotgan askarlar sha'niga she'rlar aytilmoqda. Ona Vatanni himoya qilishdek sharafli ishga bel bog'lagan harbiylar va ularning turmush o'rtoqlariga minnatdorlik bildirilib, qo'llab-quvvatlanmoqda.

    Samimiy va qiziqarli muloqotlarga boy bo'lgan ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar o'zaro savol-javoblar, diltortar kuy-qo'shiq, raqslar bilan yanada fayzli kechmoqda.


    Rasuljon Kamolov,
    “YAngi O'zbekiston” muxbiri.