Vatanga mehr va yuksak mas'uliyat hissi

    Fikr 12 Noyabr 2025 609

    Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonini ilmiy-analitik nuqtai nazardan yoritib berish borasida qator tadqiqotlar, publitsistik asarlar dunyoga kelmoqda.

    Ularning orasida jurnalist va olim Salim Doniyorovning “Yangi O'zbekiston orzusi” to'plami o'zining mazmundorligi, hayotiy manbalari va tahliliy ruhi bilan alohida e'tiborga sazovor. Kitobni qo'lga olganingizdayoq, undagi fikrlar zamiridagina emas, muallifning shaxsiy kuzatuvlari, yurt taqdiriga nisbatan mas'uliyatli munosabati, Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg'usi yaqqol seziladi.

    To'plamda, avvalo, Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga samimiy ehtirom, xalq va davlat manfaatlari uchun qayg'urish ruhi ustuvor. Muallifning siyosiy-ijtimoiy yo'nalishdagi maqolalarida Yangi O'zbekistonda olib borilayotgan o'zgarishlarning mohiyati, ularning negizi va amaliy natijalari keng qamrovda yoritiladi. Ushbu yo'nalishdagi ishlar Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan g'oyalar va tashabbuslar bilan uzviy bog'liq tarzda tahlil qilinadi. Muallif ularni yuzaki emas, balki mazmun-mohiyati, xalq hayotida tutgan o'rni va ta'sir darajasiga ko'ra chuqur yoritishga harakat qilgan.

    To'plamning qiymatli jihatlaridan biri – undagi mavzulardir. Yangi O'zbekiston kontseptsiyasi, inson qadri, adolat va qonun ustuvorligi, ijtimoiy barqarorlik, iqtisodiy islohotlar, demokratik yangilanish jarayonlari, ma'rifiy yuksalish kabi yo'nalishlar o'ta dolzarb va hayotbaqo nuqtai nazardan yoritilgan. Har bir maqolada o'quvchini o'yga toldiradigan, unda faxr, mas'uliyat va daxldorlik tuyg'usini kuchaytiruvchi hissiyot bor. Yozuv uslubi xotirjam, biroq jonli va ishonchli; og'ir siyosiy mavzular ham oddiy o'quvchi uchun tushunarli, ifodai ravonda bayon qilingan.

    Muallif davlat va jamoat arboblari bilan bo'lgan suhbatlarga, kuzatuv va tahliliy munosabatlarga alohida o'rin bergan. Ayniqsa, Yangi O'zbekistonga oid g'oya va tashabbuslarning zamiridagi ezgu maqsadlarni ochib berishda jurnalistik kuzatuvlar, tarixiy manzara va real hayotiy misollarga tayangan holda fikr yuritishi kitobning ilmiy va amaliy qiymatini yanada oshirgan.

    Kitobning ikkinchi yirik ustunligi uning umuminsoniy qadriyatlar bilan chambarchas bog'liqligidadir. Muallif xalq manfaatini birinchi o'ringa qo'yish, inson qadri va sha'nini yuksaltirish, fuqarolarning mamlakat taqdiridagi ishtirokini oshirish kabi g'oyalarning qanday amalga oshirilayotganini hayotiy misollar orqali batafsil yoritadi. Bu orqali kitob nafaqat tahliliy-siyosiy manba, balki ma'naviy-ma'rifiy qo'llanma vazifasini ham o'taydi.

    Maqolalar tuzilishidagi izchillik, g'oyaviy bir butunlik, so'z va uslubdagi poklik to'plamning yana bir yutug'i, nazarimda. Jurnalistik mahorat va ilmiy tahlil uyg'unligi kitobni o'quvchi uchun diqqatga sazovor qiladi. Mazmunning ikki qismga bo'lingani, birinchisida davlat va jamoat arboblari bilan suhbatlar, ikkinchisida esa YAngi O'zbekiston tamal toshlarini tahlil qilish mazkur kitob tarkibiy jihatdan ham mukammal ekanini ko'rsatadi.

    Salim Doniyorovning ushbu asari bugungi kun voqealariga befarq bo'lmagan har bir o'quvchi uchun muhim dasturilamal bo'la oladi. Undagi fikrlar, mulohazalar, dalil va tahlillar mamlakatimizda kechayotgan tub o'zgarishlarni chuqurroq anglashga, ularning mazmun-mohiyatini idrok etishga xizmat qiladi. Kitob, albatta, jamiyat hayotida faol pozitsiyaga ega bo'lgan o'quvchilar, ziyolilar, yoshlar va tadqiqotchilar uchun qimmatli manba sifatida baholanadi. Shu sababli uni O'zbekistondagi barcha oliy ta'lim dargohlariga, ayniqsa, jurnalistika yo'nalishida ta'lim berilayotgan respublikadagi 10dan ziyod universitetlarining kutubxonalariga etkazib berishni tavsiya qilgan bo'lardim.

    Mazkur asarni o'quvchida tahlil madaniyatini yuksaltiruvchi, Vatan ravnaqiga daxldorlikni kuchaytiruvchi, yangi fikr va g'oyalarga chorlovchi asar sifatida yuqori baholayman. Kitob o'quvchiga nafaqat bilim va tahlil, balki juda katta ruhiy-ma'naviy kuch, Vatanga mehr va yuksak mas'uliyat hissini ham bag'ishlaydi.

    Dr.Beruniy Alimov,
    “Yangi media ta'lim markazi” NNT direktori,

    filologiya fanlari doktori, DSc