Vatanga sodiqlik to'yi...

    Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida o'qish uchun saralangan yigitlar Vatanga qasamyod qabul qilib, har qanday sharoitda elu yurtimizga, Prezidentimizga sodiq xizmat qilishga kirishdi.

    Mudofaa vazirligi markaziy harbiy orkestrining tantana musiqasi sadolari og'ushida tadbir maydoniga bayrog'imiz olib kirildi. Dunyoda eng chiroyli bizning bayroq, dedi atrofdagilar. Bayroq – faxrimiz, maydonda saf tortgan yigitlar g'ururimiz.

    Davlatimiz rahbarining 2019 yil 10 apreldagi “O'zbekiston Respublikasida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish hamda yong'in xavfsizligini ta'minlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to'g'risida”gi farmoni bilan Yоng'in xavfsizligi bosh boshqarmasi, uning hududiy va tarkibiy tuzilmalari, Yоng'in xavfsizligi instituti Ichki ishlar vazirligidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimiga o'tkazilgan edi.

    Yоng'in xavfsizligi instituti akademiya maqomini olgandan so'ng o'qishga kirgan kursantlar bu yil ilk bor harbiy qasamyod qabul qildi.

    Akademiya boshlig'i, general-polkovnik Qobul Berdiev birinchi bosqich kursantlarini ana shu tadbir bilan tabriklab, ularga mas'uliyat va tanlagan kasbiga umrbod sodiqlik tiladi.

    – Harbiylik orzuim edi, – dedi Usmon Mamarajabov. – Bugun vatanimizga, xalqimizga munosib farzand bo'lib, fuqarolarimizning hayoti, sog'lig'i va xavfsizligini ta'minlash uchun bor kuch-g'ayratimizni ayamay xizmat qilishga qasamyod qildik. Kelajakda yurtimiz va xalqimizga sidqidildan xizmat qilib, Prezidentimizning bizga bildirgan yuksak ishonchini oqlashga va'da beramiz.

    – Bugun biz uchun katta to'y – farzandlarimiz Vatanga sodiqlikka qasamyod qildi. Faxrlanamiz, – dedi Mashhura Niyozova.

    Tadbir doirasida akademiyada a'lo baholarga o'qiyotgan, jamoat ishlarida faol yigitlarga “Vazir stipendianti” faxriy yorliqlari topshirildi.

    U.ASROROV, M.ABDULLAEV (surat),

    “Yаngi O‘zbekiston” muxbirlari