Ajdodlarimizning siyosiy tarixi, etnologiyasi, xalq hayotining u yoki bu sohalari tarixi borasida turli mavzularda tadqiqotlar amalga oshirilgan. Biroq, oʻzbek xalqining milliy-etnik va siyosiy tarixini bogʻlab oʻrganish borasida tadqiqotlar kam. Ularning aksariyati eski tuzum metodologiyasi asosida yaratilgan shablon, yaʼni biz bilishimiz “mumkin” boʻlgan anʼanaviy tarixiy rakursda edi. Yangi, xolis, xorijiy mamlakatlardagi boy tarixiy manbalardan foydalanishga “mumkin emas”, degan tabu oʻrnatilgan edi. Buning oqibatida insoniyat tamadduni beshiklaridan biri boʻlgan Oʻzbekiston hududining ijtimoiy tarixiy haqiqati yuziga parda tortilgan edi. Mustaqillik, milliy oʻzlikning oʻsishi, yangicha fikrlovchi yosh tarixchilarni maydonga keltirmoqda. Ular haqiqat yuzini gʻuborlardan tozalab, xalqimiz tarixining sharafli va hayratli sahifalarini kashf qilmoqdalar.

Yosh tarixchi olim B.Abdirimovning “Xorazmiylarni izlab...” monografiyasini shular sirasiga qoʻshsa boʻladi. Bunga sababkitob bir tomondan, muallifning ilmiy halollik, oʻziga talabchanligini, ikkinchi tomondan xalqimiz tarixiga cheksiz hurmatini oʻzida mujassam qilganida. Unda xorazmliklarning VIII-XIII asrlarda Yevroosiyo kengliklarida kechgan murakkab etnik va siyosiy jarayonlarda tutgan oʻrni va ahamiyati boy, eng muhimi, shu paytgacha oʻrganilmagan tarixiy va zamonaviy xorijiy manbalar asosida ochib berilgan. Buning yorqin misollaridan biri sifatida moʻgʻul bosqinini toʻxtatuvchi maqomini qozongan, kelib chiqishi Anushtegin xorazmshohlar sulolasining vakili boʻlganSayfiddin Qutuz shaxsining kashf etilishini koʻrsatish mumkin. Monografiyada Sayfiddin Qutuz Misrda yuksak rahbarlik, sarkardalik mahoratini koʻrsatib, Chingizxon zarbalaridan parokanda boʻlib ketgan kuchlarni birlashtirib, moʻgʻullarni toʻxtatgani original manbalar asosida, tarixiy dalillar bilan isbotlangan.

Biz yosh olimlarimizning jahon miqyosida fikrlashini istaymiz. Mana shu istak roʻyobi kitobda bor. Muallif viloyatda yashab, ilmiy ijod qilib, dunyo kitoblarini varaqlabdi. Buning isboti - kitobda foydalanilgan 244 ta yozma manbaning yarmidan koʻpini xorijiy original manbalar tashkil qiladi. Bu esa “Xorazmiylar izidan...” kitobining qadrini oshirib, mavqeini xalqaro monografik tadqiqot darajasiga koʻtargan.

Monografiyada Xorazm vohasi, VIII-XIII asrlarda xorazmliklarning migratsiyasi masalalari oʻrganilgan.Oʻsha asrlarda oʻzbeklarning Xazariya, Bulgʻor, Sharqiy Yevropa, Vengriya, Kichik Osiyo, Rum sultonligi, Levant, Misrga migratsiyalashuv jarayonlari va buning sabablari, samaralari ochib berilgan. Muallif keltirgan arxeologik, ijtimoiy-siyosiy fakt va dalillar tahlili oʻsha davrda xorazmliklar misolida oʻzbeklarning tamaddun yaratuvchi millat sifatida nafaqat lokal, balki global missiyani bajarganlari isbotlab berilgan.

Kitobda bu kabi biz uchun yangi tarixiy fakt va shaxslar koʻp. Masalan, XI asr boshlarida turkiy qabilalarning gʻarbga migratsiyasi jarayonlarining siyosiy, iqtisodiy, madaniy, maʼnaviy sabab va natijalari haqida boy maʼlumotlar taqdim etilgan. Bunda B.Abdirimov (gohida uchrab turadigan) tuygʻularga emas, balki faktlarga, xorijiy tarixiytadqiqotlar natijalariga tayangan. Ularning asarlarini keng ilmiy muhokama platformasiga olib chiqa olgan. Bu tahsinga loyiq.

Asar oʻquvchiga xorazmshohlar davlati va moʻgʻullar, Turkon xotun, Sulton Alouddin Muhammad, Sulton Jaloliddin shaxslari haqida yangi maʼlumotlar, yangi mulohazalar beradi. Unda oʻzbek urugʻlari tarixining yangi tafsilotlari, ramzlari bor. Xalqimizning suronli, birlashganida gʻalabalar yor boʻlgan,boʻlinganida magʻlubiyatlar ichra kechgan harbiy tarixi ochib berilgan. Kitobning turli rasm, chizma, jadval, surat va reproduksiyalar bilan taʼminlangani uni qiziqarli, oʻqimli qilgan.

Muallifning prinsipial yondoshuvlaridan biri – tarixiy voqealar va tarixiy shaxslarga xolis baho berish, tarixiy adolatni mahkam tutish. Buning misolini Xorazmshoh Sulton Muhammad shaxsiga munosabatda koʻramiz. Moʻgʻullar va sovetlar davri adabiyotlarida Xorazmshoh Sulton Muhammadni salbiy qahramon sifatida tasvirlash oddiy hol edi. Zero oʻzbek xalqining hech bir hukmdoru sarkardasi sovet tarixchilari tomonidan munosib eʼtirof etilmagan. Aksincha, ularning shaxsini, ishlarini buzib koʻrsatish odatga aylangan edi, deb hisoblaydi muallif.

B.Abdirimov haq. Chunki uzoq yillar qahramon ajdodlarimizga mustamlakachilar tomonidan berilgan salbiy baho urf boʻlib keldi. Bu esa bizning oʻz milliy tariximizga noxolis stereotip munosabatga aylantirildi. Chunki bizda ajdodlarimizning shaxsiy xususiyatlari, ularning qanday sharoitda qanday qaror qabul qilganliklari toʻgʻrisida xolis manbalar yoʻq edi. Yosh olim B.Abdirimovning ilmiy xolislikka asoslangan, mashaqqatli izlanishlari evaziga erishgan yondoshuvi ana shu gʻarazli va sinfiy yondoshuvlar qorishigʻi oʻlaroq shakllangan stereotiplarni sindiradi. Buni monografiyada keltirilgan bir muhim va biz uchun iftixorli fakt – Turkiyada Sogyut Bilejik viloyatidagi “Turk buyuklarining maydoni”da Amir Temur va Shoh Bobur qatorida Sulton Muhammadning ham byusti oʻrnatilgani tasdiqlaydi.

Kitobning maʼnaviy-maʼrifiy qimmati baland. Unda uch ming yildan ziyod davlatchilik tarixiga ega oʻzbek xalqining Vatan mustaqilligi uchun kurashlarda kechgan qonli va shonli tarixi bor. Qonli deyishimizga sabab - birlashmaslik, oʻzaro fitna-fasodlar, adovat, hasad, nafs qutqulari tufayli magʻlubiyatlar. Kitobda ana shu maʼnaviy illatlar tashqi dushmanlarga bizni qanday bogʻlab berganini - achchiq qismatlarni koʻramiz. Shonli tarix deganda har qanday gina-kuduratlarni itqitib tashlab, bir maqsad, bir bayroq ostida birlashib, buyuk davlatlar, Renessanslarni yaratib, erishgan gʻalabalarimizni koʻramiz.B.Abdirimovning kitobi bizni tariximizda uchragan achchiq xatolarni takrorlamaslikni, aksincha, bizni birlashtirgan drayverlarni rivojlantirishimiz, “Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari” gʻoyamiz roʻyobi uchun bir jon, bir tan boʻlishimiz shartligini uqtiradi.

Kitobda milliy qahramonlarimizdan biri Sulton Jaloliddin Manguberdi siymosiga, hayoti va qismatiga alohida oʻrin ajratilgan. Bu bejiz emas. Uning jasoratga toʻla hayoti, bosqinchilarga qarshi olib borgan mardonavor kurashi, metin irodasi, buyuk sarkardalik isteʼdodi nafaqat oʻzbek xalqi, nafaqat turk dunyosi, nafaqat islom olami, balki jahon xalqlari uchun Vatanni qanday sevishning timsoli boʻlib qoladi.

Xullas, tadqiqotchi Bekzod Abdirimov “Xorazmliklar izidan” kitobi bilan xalqimizga goʻzal maʼnaviy tuhfa tayyorlabdi. Bu tuhfa yoshlarimizga ajdodlarimizni qanday eʼzozlashni, tarixni xolis, ilmiytushunish va tushuntirishni, Vatanni qanday sevishni oʻrgatadi.

M.QURONOV, 

Pedagogika fanlari doktori, professor