Yurtimizda yoshlarni milliy qadriyatlar, anʼanalarimizga sodiq ruhda tarbiyalash, Vatanga sadoqat tuygʻusini shakllantirish, “ommaviy madaniyat” koʻrinishidagi salbiy illatlarni yoshlarga tushuntirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Xabaringiz bor, kecha Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalari oʻrtasida hamkor tashkilotlar bilan birgalikda “Vatanni sevmoq imondandir” mavzusida esselar tanlovining birinchi – Akademiya bosqichi oʻtkazilgan edi.

Bugun esa 80 nafarga yaqin talabalar ishtirok etgan tanlovning yakuniy natijalari eʼlon qilindi. Tadbirni Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov kirish soʻzi bilan ochib berarkan, tanlovda ishtirok etgan barcha talabalarga minnatdorlik bildirdi. Vatanni sevish, uning taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshish har bir fuqaroning burchi ekanligini taʼkidladi. Ayniqsa, yurtimizda Prezidentimiz rahnamoligida Uchinchi Renessans davriga poydevor qoʻyilayotgani va bu jarayonda yoshlar mamlakatning bilim salohiyati, porloq istiqbolini taʼminlaydigan kuch ekanini qayd etdi.

Oʻz navbatida Hakamlar hayʼati raisi, Ziyo-media markazi direktori Abduhamid Muxtorov tanlovdagi ijodiy ishlarda mavzuning toʻlaqonli ochib berilgan, mavzuga oid mavjud muammolar va ularning yechimi boʻyicha takliflarga ega, imloviy savodxonligi baland, amalga oshirilayotgan islohotlarga nisbatan oʻz munosabati aks etgan ijodiy ishlar yuqori baholanganini bildirdi.

Tanlovda ishtirok etgan talabalar ham soʻzga chiqib, bu kabi tanlovlar yoshlarni oʻz ustida ishlashlariga katta turtki boʻlishi, bilim va koʻnikmalarini oshirishga xizmat qilishini taʼkidlashdi.

Shundan soʻng hakamlar hayʼati tomonidan adolatli, shaffof, ochiq va oshkora tarzda baholangan tanlov natijalari eʼlon qilindi.

Unga koʻra, “Islomshunoslik” fakulteti 4-bosqich talabasi Iroda Abdumannopova 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi. 2-oʻrin “Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar” fakulteti 3-bosqich talabasi Muhammadamin Mamanovga nasib etgan boʻlsa, 3-oʻrin “Mumtoz sharq filologiyasi” fakulteti 2-bosqich talabasi Dildora Rajapboyeva qoʻlga kiritdi.

Shuningdek, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi Akademik litseyi oʻquvchilari — Muratova Muslima 1-oʻrin, Shavkatova Zahro 2-oʻrin, Sultonmurodova Muslima 3-oʻrinni egalladi. Iqtidorli yigit-qizlar tanlovning respublika bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritishdi.

Bundan tashqari, hakamlar hayʼati tomonidan tanlov doirasida yaxshi natijalarni qayd etgan talabalar turli nominatsiyalar bilan ragʻbatlantirildi.

Shu munosabat bilan Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi jamoasi gʻolib talabalarni mazkur yutuqlari bilan muborakbod etib, respublika bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etishlari uchun omad tilaydi.

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi Matbuot xizmati