“Vatanparvar” tashkilotining Surxondaryo viloyati kengashiga yangi rais saylandi

    Harbiy 26 Mart 2021 1058

    Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Ustavining 32-bandiga asosan, 2021-yil 24-mart kuni “Vatanparvar” tashkiloti Surxondaryo viloyati kengashining navbatdan tashqari Konferensiyasi chaqirildi.

    Konferensiyada “Vatanparvar” tashkilotining Surxondaryo viloyati kengashi tarkibidagi tuman (shahar) kengashlaridan saylangan 49 nafar delegatlarning 43 nafari qatnashdi.

    Shuningdek, Konferensiyada Janubiy gʻarbiy harbiy maxsus okrugi qoʻshinlari qoʻmondonining oʻrinbosari polkovnik Iskandar Mallayev, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi raisi Ulugʻbek Choriyev, Surxondaryo viloyati teleradiokompaniyasi direktorining oʻrinbosari Muhiddin Jabborov, viloyat Xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari Panji Pirnazarovlar hamda boshqa taklif etilgan mehmonlar va “Vatanparvar” tashkiloti viloyat kengashi tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlar ishtirok etdilar.

    Konferensiya Ishchi hayʼati, kotibiyat, sanoq va tahririyat komissiyalari saylangach, yigʻilishning kun tartibi va ish reglamenti tasdiqlandi.

    Konferensiya kun tartibidagi masalani koʻrib chiqishdan oldin Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Surxondaryo viloyati kengashi raisligiga nomzodni saylovga qoʻyish tartibi belgilandi va ochiq ovoz berish yoʻli bilan saylov oʻtkazish tasdiqlandi.

    “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi tavsiyasi asosida, Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Surxondaryo viloyati kengashi raisi lavozimiga shu vaqtgacha ushbu vazifani vaqtincha bajarib kelayotgan Yusupov Zufarjon Yusupovichning nomzodi taklif etildi.

    Konferensiya ishtirokchilarining toʻliq ovozi bilan Yusupov Zufarjon Yusupovich – Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Surxondaryo viloyati kengashi raisi etib saylandi.

    Shundan soʻng, “Vatanparvar” tashkiloti Surxondaryo viloyati kengashi tarkibiga oʻzgartirishlar kiritildi va kun tartibidagi masala boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilindi.

    Yusupov Zufarjon Yusupovich 1982-yilda Xorazm viloyati Xiva tumanida tugʻilgan. Maʼlumoti oliy. Bunga qadar respublikamizning maʼnaviy-maʼrifiy va madaniyat muassasalarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan.

    Eslatib oʻtamiz, 11-13-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi Husan Botirov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Tashkilotning Surxondaryo viloyati kengashi va tumanlarning oʻquv sport texnika klublari faoliyati oʻrganilgan edi. Oʻrganishlar mobaynida viloyat kengashi faoliyatida tashkilot mablagʻlari va mulklaridan foydalanish, kadrlar bilan ishlash, ijro intizomi va bir qator yoʻnalishlarda jiddiy xato va kamchiliklar aniqlangandi. “Vatanparvar” tashkiloti Surxondaryo viloyati kengashi raisi Eshmurod Oʻtayev ishdagi xatolarini tan olgan holda, oʻz xohishiga binoan lavozimidan ozod etilishini soʻrab ariza yozgan va uning arizasi rahbariyat tomonidan qanoatlantirilgan edi.

    Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi

    “Vatanparvar” tashkiloti Matbuot xizmati