“Vatanparvar” tashkilotining yangi davri

    O'zbekiston mudofaasiga ko'maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashida o'tkazilgan matbuot anjumani shu mavzuga bag'ishlandi.

    Ma'lumot berilishicha, tashkilot tizimidagi avtokross, motokross, karting, triatlon, duatlon, yozgi biatlon, pnevmatik quroldan o'q otish, aviamodel, raketamodel, kemamodel, radiosport kabi sportning texnik va amaliy turlari bilan hozirda 10 mingga yaqin sportga qiziquvchi yoshlar shug'ullanmoqda. Tashkilot tizimidagi ushbu sport turlari qatoriga yaqinda dengiz ko'pkurashi, xizmatchi itlar va harbiy amaliy ko'pkurash sport turlari kiritildi. Bundan tashqari, Tashkilot tasarrufida parashyut sporti bo'yicha jami 7 ta sport sektsiyalari mavjud bo'lib, ularda 117 nafar sportchi shug'ullanadi. 2021 yil boshidan hozirga qadar sportning texnik va amaliy turlari bo'yicha 20 ta respublika musobaqalari o'tkazildi. Har yili respublika darajasidagi 50 dan ortiq sport musobaqalari tashkil etiladi.

    “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan fuqarolarni ommaviy texnik kasblarga tayyorlash bo'yicha ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, respublika miqyosida Tashkilot tasarrufidagi 210 ta o'quv sport texnika klublarining avtomototransport haydovchilarini tayyorlash kurslarida bir yilda o'rtacha 120-130 ming nafar fuqaro “V”, “VS”, “D” va “E” toifalari bo'yicha o'qitiladi.

    Ma'lumki, 2021 yil mamlakatimizda “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb nomlanib, bu borada davlat dasturi qabul qilindi. Davlat dasturining 170-bandida O'zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko'maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti zimmasiga tashkilot bazasida yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori bo'lgan kasblarga o'qitishni ta'minlash bo'yicha mas'uliyatli vazifa yuklatildi.

    Ushbu vazifalar 3 bosqichda amalga oshirilishi belgilangan:

    1-bosqichda shu yilning aprel` oyidan boshlab fuqarolarni “Haydovchilar tayyorlash va qayta tayyorlash kurslarida” “V”,“VS”, “S”, “D”, “E” toifalari bo'yicha o'qitilishi yo'lga qo'yilishi;

    2-bosqichda avgust oyidan boshlab “Texnik xizmat ko'rsatish mutaxassislarini tayyorlash kurslari” tashkil etilib, unda yoshlar 5 xil kasbga — vulkanizatorchi, elektrik-akkumulyatorchi, gaz-elektr payvandchi, avtochilangar, avtoelektrik mutaxassisliklari bo'yicha o'qitilishi;

    3-bosqichda dekabr` oyidan boshlab “Murakkab texnikalarni boshqarish mutaxassislarini tayyorlash kurslari” yo'lga qo'yilib, ushbu kurslarda yuk ortuvchi transport, avtogidro-pod'yomnik, yuk mashinasi krani, g'ildirakli traktor, bitta kovshli ekskavator texnikalarini boshqarish bo'yicha mutaxassislarni o'qitish belgilangan.

    Mazkur vazifalar ijrosini ta'minlashda “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi tomonidan respublikamiz miqyosida fuqarolar, ayniqsa yoshlarni o'z tasarrufidagi o'quv muassasalarida ommaviy texnik kasb mutaxassisliklariga o'qitishning yangi mexanizmi joriy etildi.

    Jumladan,Yoshlar ishlari agentligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlikda "Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan yoshlar va ehtiyojmand oilalar farzandlarini ommaviy texnik kasblarga imtiyoz asosda o'qitilishi yo'lga qo'yildi.

    Hozirgi kunda respublika miqyosida 6 446 nafar “Temir daftar” hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar va ehtiyojmand oilalar farzandlari “Vatanparvar” tashkilotining zamonaviy innovasion texnologiyalar bilan jihozlangan avtomototransport haydovchilarini tayyorlash kurslarida o'qimoqda.

    Joriy yilning 10 mart kuni “Vatanparvar” tashkiloti va Yoshlar ishlari agentligi o'rtasida imzolangan “Yoshlar masalalari sohasida o'zaro hamkorlik to'g'risida memorandum” “Yoshlar daftar”iga kiritilgan yoshlarni qo'llab-quvvatlash uchun mustahkam asos bo'lib xizmat qilmoqda.

    Respublikamiz bo'ylab keng ko'lamda amalga oshirilayotgan bunday sa'y-harakatlar joriy yil oxiriga qadar 10 mingdan ortiq yoshlarning bandligi ta'minlanishiga zamin yaratadi.

    Bundan tashqari, “Vatanparvar” tashkiloti “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarning vaqtini unumli o'tkazish va ular orasida sog'lom turmush tarzini targ'ib qilish maqsadida navbatdagi yangi tizimni joriy etdi. endilikda avtomototransport haydovchilarini tayyorlash kurslarida tahsil olayotgan yoshlar “Vatanparvar” tashkiloti tizimidagi karting, triatlon, duatlon, yozgi biatlon, pnevmatik quroldan o'q otish kabi sportning texnik va amaliy turlariga jalb etib borilmoqda. Joriy yilning iyul`-avgust oylarida ular o'rtasida “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi kubogi uchun viloyat bosqichi va respublika musobaqalari tashkil etilishi belgilangan.

    Shuningdek, avtomototransport haydovchilarini tayyorlash kurslarida tahsil olayotgan ehtiyojmand yoshlar uchun iyun` oyidan “Tadbirkorlik asoslari”, “Yoshlar o'rtasida inqiroz holatini engib o'tish psixologiyasi”, “Yangilanayotgan jamiyatda yoshlarning o'rni” mavzularida seminar va treninglar o'tkaziladi. Mashg'ulotlarga olimlar, tajribali amaliyotchi pedagoglar va tadbirkorlik sohasida ulkan muvaffaqiyatlarga erishgan yosh tadbirkorlar jalb etilishi rejalashtirilgan. Bunday yangicha tizim “Yoshlar daftari”dan o'rin olgan yoshlarning o'zlariga bo'lgan ishonchi ortishi, bilim va malakalarga ega bo'lishi uchun rag'bat sifatida xizmat qilishi shubhasiz.