"Vatanparvar"ga press tur tashkil etildi

    O'zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko'maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan Tashkilot huzuridagi Respublika texnik va amaliy sport turlari markazida OAV xodimlari uchun press-tur tashkil etildi.

    Tadbir avvalida “Vatanparvar” tashkiloti tizimidagi sport sektsiyalari va to'garaklari hamda sport texnikalari ko'rgazmasi namoyish etildi. Jurnalistlarga Tashkilot tizimidagi avtokross, motokross, karting, triatlon, duatlon, yozgi biatlon, pnevmatik qurollardan o'q otish, aviamodel, raketamodel, kemamodel, radiosport kabi sportning texnik va amaliy turlari haqida tushunchalar berildi. Ayniqsa, Tashkilot tizimida tayyorlantirilayotgan xizmatchi itlar ishtirokidagi namoyish jurnalist va blogerlarning olqishlariga sazovor bo'ldi.

    So'ngra “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi Husan Botirov raisligida brifing tashkil etildi. H. Botirov tadbirda ishtirok etayotgan jurnalistlar va blogerlarni yaqinlashib kelayotgan “27 iyun` – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni” munosabati tabrikladi.

    U, shuningdek, endilikda har yili 1991 yil 23 noyabr` – O'zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko'maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tashkil etilgan kun munosabati bilan iste'dodli jurnalistlar va blogerlar uchun tanlov o'tkazib borilishini e'lon qildi.

    Ma'lum bo'lishicha, “Vatanparvar” tashkiloti – jurnalist nigohida” mavzuidagi respublika tanlovi “Eng yaxshi tele-jurnalist”, “Eng yaxshi radio-jurnalist”, “Eng yaxshi bosma OAV jurnalisti”, “Eng yaxshi Internet-nashr jurnalisti” nominatsiyalari bo'yicha o'tkaziladi. Tanlovda mamlakatimiz hamda boshqa davlatlarda yashovchi barcha iste'dodli jurnalist va blogerlar ishtirok etishlari mumkin. Tanlov komissiyasi har yilning 23 noyabriga qadar eng yaxshi ishlarni tanlab, g'olib va sovrindorlarni aniqlaydi.

    “Vatanpavar” tashkiloti tomonidan Qoraqalpog'iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarda mamlakatimizda o'smirlar va yoshlarni Qurolli Kuchlar saflarida xizmat qilishga tayyorlash maqsadida tashkil etiladigan “Shunqorlar” harbiy-sport o'yini qayta tiklanib, shu oy oxirida dastlabki bellashuvlar boshlanadi.

    Brifing yakunida H.Botirov respublika bo'ylab “Vatanparvar” tashkiloti tizimidagi avtomototransport haydovchilarini tayyorlash kurslarida o'qiyotgan “Temir daftar” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ehtiyojmand oilalar farzandlari soni 8 612 nafarga etganini ma'lum qildi.

    Brifingdan so'ng jurnalistlar va blogerlar o'rtasida sportning pnevmatik quroldan o'q otish musobaqasi tashkil etildi. Tadbirda OAV xodimlari endi jurnalistik faoliyatda emas, o'q otish musobaqasida astoydil kuch sinashdi. G'oliblikni qo'lga kiritgan jurnalistlar O'zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko'maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti diplomlari va esdalik sovg'alari bilan taqdirlandi.