Sogʻliqni saqlash vaziri aholi va soha xodimlarini korrupsiyaga qarshi kurashda hamkorlikka chaqirdi

    Sogʻliqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov tibbiyot tizimidagi korrupsiya, byurokratiya va manfaatlar toʻqnashuviga qarshi kurashish masalalari yuzasidan aholi hamda soha xodimlariga murojaat yoʻlladi.

    Murojaatda taʼkidlanishicha, korrupsiya — davlat va jamiyat uchun jiddiy xavf boʻlib, unga qarshi murosasiz kurashish sogʻliqni saqlash sohasida ham ustuvor vazifa etib belgilangan. Bunda jamoatchilikning faol ishtiroki va hamkorligi muhim ahamiyatga ega.

    “Korrupsiyaga qarshi kurashish umummilliy vazifa, har bir vatanparvar yurtdoshimizning vijdon ishi. Korrupsiyaga jamiyat tanasidagi saraton sifatida qarash kerak”, — deyiladi murojaatda Prezident Shavkat Mirziyoyevning soʻzlariga tayanib.

    Vazir, shuningdek, sohadagi ayrim salbiy holatlar — byurokratiya, taʼmagirlik va manfaatlar toʻqnashuvi tibbiyotga boʻlgan ishonchni zaiflashtirayotganini qayd etdi. Ushbu muammolarni bartaraf etish maqsadida tizimda bir qator yangiliklar joriy etilmoqda.

    Jumladan, Yagona tibbiyot axborot tizimi (DMED), “Situatsion markaz” kabi elektron mexanizmlar amaliyotga joriy etilib, bu byudjet mablagʻlaridan samarali foydalanish va shaffoflikni taʼminlashga xizmat qilmoqda. Shuningdek, tibbiyot xodimlarini ishga qabul qilish jarayoni raqamlashtirilgan va ayni paytda Buxoro viloyatida sinov tariqasida tatbiq etilmoqda.

    Sohadagi rahbar kadrlar va hisobchilar uchun zamonaviy menejment hamda moliyaviy savodxonlik boʻyicha oʻquv kurslari tashkil etilayotgani ham taʼkidlandi.

    “Korrupsiyaga qarshi kurashishda kuchli jamoatchilik nazoratini oʻrnatish — biz uchun muhim mezon”, — deydi vazir. U fuqarolarni sohadagi korrupsiyaviy holatlar yoki huquqbuzarliklar yuzasidan “1203” qisqa raqami, https://t.me/ssvantikor_bot Telegram-boti yoki info@ssv.uz elektron manzili orqali murojaat qilishga chaqirdi.

    Murojaat soʻngida vazir har bir yuborilgan maʼlumot tez fursatda koʻrib chiqilishi va amaliyotga joriy etilishiga ishonch bildirdi.