Vazir gʻijduvonlik sportchilarni taqdirladi

    Sport 22 Yanvar 2021 1191

    Professional futbol maktablari oʻrtasidagi Oʻzbekiston kubogida faxrli oʻrinlarni egallagan maktab-internat oʻquvchilariga Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev tomonidan medal, diplom va sport formalari taqdim etildi.

    Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev Buxoro viloyatiga tashrifi davomida viloyatdagi sport inshootlarining holati, aholi orasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish darajasi, yangi sport bazalari va sport muassasalarida tarbiyalanayotgan yoshlarning sharoitlari bilan tanishdi.

    Gʻijduvon tumanidagi Olimpiya va milliy sport turlari boʻyicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatida ham boʻldi. D.Nabiyev maktab-internatda oʻquvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va dars jarayonlari bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, maktab-internatda amalga oshiriladigan muhim rejalar haqida suhbatlashildi.

    Kunning 2-yarmida esa professional futbol maktablari oʻrtasidagi Oʻzbekiston kubogida munosib ishtirok etib, faxrli oʻrinlarni egallagan maktab-internat oʻquvchilariga medal, diplom va sport formalari taqdim etildi.

    Bundan tashqari, tadbirda “Gʻijduvon PFK” xususiy futbol jamoasi rahbari Maʼmurjon Otaqulov hududda futbolni rivojlantirishga qoʻshgan hissasi, aholi orasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib etishdagi ulkan xizmatlari uchun “Jismoniy tarbiya va sport aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.

    Taʼkidlash kerak, xususiy tadbirkor Maʼmurjon Otaqulov tumanda futbol sport turini rivojlantirish maqsadida oʻz hisobidan homiylik yordami koʻrsatib kelyapti, deb xabar beradi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati.