Koreya Respublikasi Mokpo shahrida joylashgan “Hyundai Samho” kemasozlik kompleksida 265 nafar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari vaqtinchalik mehnat shartnomalari asosida faoliyat yuritib kelyapti. Maʼlumot oʻrnida shuni taʼkidlash joizki, ushbu kompleksda jami 10 mingdan ziyod ishchilar mehnat faoliyatini olib boradi. Shundan qariyb 1,1 ming nafarini xorijlik ishchilar tashkil etadi.
Dastlab, Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Xusanov ushbu kompleks rahbariyati bilan uchrashdi. Unda kompleks rahbariyati tomonidan oʻzbekistonlik ishchilar toʻgʻrisida iliq fikrlar bildirildi.
Oʻz oʻrnida, N.Xusanov kompleks rahbariyatiga xorijlik ishchilarga yaratilgan qulaylik va sharoitlar uchun minnatdorlik bildirib, Oʻzbekiston mehnat salohiyati haqida soʻzlab berdi.
Shundan soʻng, mazkur kompleksda faoliyat yuritayotgan Oʻzbekiston fuqarolari bilan suhbatga kirishildi. Ularga N.Xusanov boshchiligidagi delegatsiya tashrifidan koʻzlangan maqsad va vazifalar tanishtirildi. Soʻngra, fuqarolarni qiziqtirgan savollarga tegishli mutasaddilar tomonidan tushunchalar berildi, deb xabar beradi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmati.