Mazkur teatr binosi 1937 yilda qurilgan bo'lib, hozirgi kunda juda abgor holatda, kapital ta'mirga muhtoj. Moddiy texnik bazasidagi jihozlar va boshqa kerakli vositalarning holati eskirgan.

Shu va boshqa kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli tartibda chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqish maqsadida vazir O'zbekiston davlat yoshlar teatrining aktyor va aktrisalari bilan muloqot olib bordi. Unda dastlab teatr faoliyati va bu erda namoyish etilayotgan spektakllar mavzusi, teatr ijodkorlarining muammo va kamchiliklari borasida so'z bordi.

O.Nazarbekov ijodkorlarga murojaat qilar ekan quyidagi fikrlarni bildirdi:

“Avvalo, shunday qarovsiz holga kelib qolgan binoda sabr bilan ijod qilib, bu dargohni sevib, unga hayotingizni baxsh etayotganingiz uchun rahmat. Hozir binoni ko'zdan kechirayotib xayolimdan bir fikr o'tdi. Nega xalqimizning sevimli maskani deganda teatrlar nazarda tutilmaydi? Nima sababda shu teatrda ishlayman, hayotimni teatr bilan bog'layman degan yoshlarimiz oz? Nima uchun viloyatlarda faoliyat olib borayotgan teatrlarimizda tomosha zallari ba'zan to'lmay qolyapti?

To'g'ri, har bir teatrning o'z muxlisi bor, YOshlar teatrining spektakllari tomoshasi uchun hatto kassalarda biletlar qolmaydigan holatlar ko'p. Ammo mening istagim teatrlarimizga ma'lum bir auditori emas, butun xalqimiz muxlislik qilishini istayman. Buning uchun esa nimalar qilishimiz kerak? Qanday qilib teatrlarning haqiqiy reytingini aniqlash mumkin? Qanday usullardan foydalansak bo'ladi? Bu borada menga sizning fikr-mulohazalaringiz juda muhim” - deya murojaat qildi O.Nazarbekov teatr ijodkorlariga.