Unda Suv xoʻjaligi vazirligi, respublika hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi deyarli barcha tizim tashkilotlaridan yosh suvchilar, Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti tadqiqotchilari, milliy tadqiqot universitetining suv xoʻjaligiga kadr tayyorlaydigan yoʻnalishlari talabalari, ommaviy axborot vositalari vakillaridan iborat 550 kishi ishtirok etdi.
Forumda suv xoʻjaligi vaziri Shavkat Xamrayev yoshlarga murojaat bilan chiqdi. Unda keltirilishicha, Suv xoʻjaligi vazirligi tizimida ayni paytda 33 ming 300 nafar xodim ishlaydi. Shundan 3 ming 630 nafarini yoshlar tashkil etadi. Ulardan 1 ming 675 nafari oliy maʼlumotli.
Bu yil yosh kadrlarning oltin zaxirasini yaratishga qattiq bel bogʻlab kirishdik. Quyi boʻgʻindagi suv xoʻjaligi tashkilotlari rahbarligiga yoshlarni qoʻyish, ularni tarbiyalash, tajribasini oshirish, qoʻllab-quvvatlashni shaxsan oʻzim nazoratga oldim. Natijada bugungi kunda rahbar lavozimlarda ishlayotgan yoshlarimiz soni 152 nafarga yetgan.
2023-yil yanvar oyida “Yosh mutaxassislarni tanlash dasturi”ga muvofiq tanlov eʼlon qilinib, oliy oʻquv yurtlari bitiruvchi talabalaridan hujjatlar qabul qilindi. Test va suhbatdan muvaffaqiyatli oʻtgan 16 nafar nomzod tanlab olindi. Ular ustozga biriktirilib, 6 oylik stajirovka oʻtadilar. Keyin barchasini vazirlik tizim tashkilotlariga ishga oldik. Bugungi kunda sohada mehnat qilayotgan yoshlarga sharoitlarni yaxshilash, ularni rahbar lavozimlarga tarbiyalash, tajribasini oshirish, qoʻllab-quvvatlash doimiy eʼtiborda ekanligi eʼtirof etildi. 152 nafar yoshlar rahbar lavozimlarda ishlayotgani, kelgusida ularning soni yanada ortishi aytib oʻtildi.
Vazirlik tizim tashkilotlariga har yili oliy oʻquv yurtlarining 500 nafar bitiruvchi yoshlari ishga qabul qilinmoqda. Barcha tizim tashkilotlarida yoshlarning boshlangʻich tashkilotlari faoliyat koʻrsatadi.
Vazir taklif yoki murojaat bilan kelgan yoshlarni qabul qilishga, ularni tinglashga, muammolarini hal etishga hamisha tayyor ekanligini taʼkidladi.
Tadbirda “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti rektori, professor Bahodir Mirzayev oliy oʻquv yurtining strategiyasi bilan tanishtirdi.
Yoshlar soʻzga chiqib, ilmda, fan olimpiadalarida, sportda erishayotgan natijalari haqida faxrlanib gapirib berdilar. Kredit olib, tadbirkorlikni yoʻlga qoʻygan, kanal va kollektor boʻylarida dehqonchilik, chorvachilikni rivojlantirib, daromad olayotgan suvchi yoshlar oʻz tajribalarini davradagilar bilan oʻrtoqlashdi.
Tuman irrigatsiya boʻlimi bosh gidrometri lavozimida ishlayotgan Zuhraxonning gidrometrlar suv xoʻjaligining yuragi hisoblanishi, shu bois barcha talaba qizlarni gidrometrlikni oʻrganish va bu kasbda ishlash haqidagi chaqirigʻi, ayniqsa, gulduros olqishlar bilan qarshi olindi.
Hududlardan kelgan yoshlarning vakillari vazir bilan muloqot qilib, savollari javoblar oldilar.