Vazirlar Mahkamasi huzurida Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish agentligi tashkil etiladi

    Ta'lim 6 May 2021 5697

    Ayni vaqtda Prezident raisligida chet tillarini oʻqitishni takomillashtirishga bagʻishlangan videoselektor oʻtkazilmoqda.

    - Chet tillarini oʻqitishga urgʻuni boshqacha qoʻyish kerak. Katta korxonalar qurilyapti, texnologiyalar oʻrnatilyapti. Xorijiy tilni mukammal bilish zarurati yuzaga kelyapti. Barcha hududlar rahbarlari, taʼlimga aloqador tashkilotlar oʻzbek tiliga boʻlgan eʼtiborimizni chetda qoldirmay, chet tillarini oʻrgatish boʻyicha jiddiy shugʻullanishi kerak. Maktab, litsey, kollej va oliygoh bitiruvchilari kamida 2 ta chet tilini mukammal bilishlari shart, dedi prezident.

    Chet tillarini oʻqitish boʻyicha joylardagi haqiqiy ahvol qoniqarli emasligi qayd etildi.

    1400ta maktabda chet tilini oʻqitish ahvoli talabga javob bermaydi. 2000 ta chet tili oʻqituvchilari lavozimi vakant qolmoqda.

    Maktablarda ishlayotgan jami 53 ming nafar chet tili oʻqituvchilarining atigi 4 foizi milliy va xalqaro til bilish toʻgʻrisidagi sertifikatlarga ega.

    11 ming nafar maktab chet tili oʻqituvchilarining 49 foizi testdan oʻta olmagan.

    Prezident Vazirlar Mahkamasi huzurida Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish agentligi tashkil etilishini maʼlum qildi. Agentlik dunyoda samarali natija bergan oʻqitish metodikalari, dastur va darsliklarini bogʻcha, maktab, litsey, oliygoh va oʻquv markazlarida joriy etib, xorijiy tillarni mukammal oʻzlashtirishga koʻmaklashadi.

    Har bir viloyatda bittadan universitet chet tillari boʻyicha tayanch oliygoh sifatida belgilanishini taʼkidlandi. Prezident Buxoro viloyatidan Nurobod tumaniga koʻchib kelib, oʻqituvchilik qilayotgan Murodovlar oilasining faoliyatini namuna qilib koʻrsatdi.