Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasi faoliyati takomillashtiriladi

    Vazirlar Mahkamasi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qaror qabul qildi.

    Unga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasi tarkibi tasdiqlandi. Komissiyaning asosiy vazifalari:

    • ilmiy asoslangan yangi soʻz va atamalarni rasmiy muomalaga kiritish;
    • oʻzbek tiliga kiritilayotgan yangi atamalarni qonunchilik hujjatlariga tatbiq etish va amalda qoʻllashning huquqiy muammolarini oʻrganish, ushbu sohadagi munosabatlarni huquqiy tartibga solishning rivojlanish yoʻnalishlarini aniqlash;
    • normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarida atamalarning qonunchilik hujjatlarida qabul qilingan maʼnosiga muvofiq yagona shaklda va toʻgʻri qoʻllanilishini taʼminlash choralarini koʻrish;
    • yangi soʻz va atamalarni qoʻllash sohasida boshqa tillarning qoidalari tufayli kelib chiqishi mumkin boʻlgan nomuvofiqliklarni bartaraf etish choralarini koʻrish;
    • respublika ijro etuvchi hokimiyat organlariga atamashunoslik masalalari boʻyicha koʻrsatmalar berish;
    • respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik birlashmalari markaziy apparatlarida jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi Atamalar boʻyicha ishchi guruhlar faoliyatini muvofiqlashtirishdan iborat boʻladi.

    Fanlar akademiyasining Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti Atamalar komissiyasining ishchi organi hisoblanadi.

    Ishchi organning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

    • taklif qilingan yangi soʻz va atamalarni ilmiy jihatdan oʻrganish;
    • yangi soʻz va atamalar boʻyicha takliflarni ekspertizadan oʻtkazish;
    • ekspertizadan oʻtkazilgan yangi soʻz va atamalarni jamoatchilik muhokamasi uchun eʼlon qilish;
    • jamoatchilik muhokamasida bildirilgan taklif, fikr va tavsiyalarni Fanlar akademiyasining Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti Ilmiy kengashining kengaytirilgan yigʻilishida tegishli soha mutaxassislari ishtirokida koʻrib chiqish hamda yangi soʻz va atamalar boʻyicha takliflarni Atamalar komissiyasiga kiritib borish;
    • Atamalar komissiyasi tomonidan tasdiqlangan yangi soʻz va atamalarni jamoatchilikka eʼlon qilish boʻyicha tadbirlarni amalga oshirish.

    Mazkur qaror bilan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

    Nizomda:

    • Atamalar komissiyasining asosiy vazifalari, huquqlari va majburiyatlari;
    • Atamalar komissiyasi raisi va uning oʻrinbosarlari, aʼzolari hamda kotibining vazifalari;
    • Ishchi organ va Atamalar boʻyicha ishchi guruhlar faoliyatini tashkil etish tartibi belgilab berilgan.
    • Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik birlashmalari markaziy apparatlarida jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi Atamalar boʻyicha ishchi guruhlar tashkil etilgan.

    Ishchi guruhlarning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

    • jamiyat taraqqiyoti, ilm-fan yutuqlari natijasida tegishli sohalarda yuzaga kelayotgan yangi soʻz va atamalarni tadqiq etish, ularning oʻzbekona muqobillarini topish hamda ularni bir xilda qoʻllash boʻyicha takliflar ishlab chiqish va Atamalar komissiyasiga kiritish;
    • tegishli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik birlashmalari tomonidan ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarida soʻz va atamalaming toʻgʻri qoʻllanilishini taʼminlash;
    • tegishli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarida davlat tilida ish yuritish bilan bogʻliq yuzaga keladigan muammolarni oʻrganish hamda hal etish choralarini koʻrish;
    • soha mutaxassislari, olimlar, tadqiqotchilarni jalb qilgan holda, sohaviy izohli va imlo lugʻatlarini tayyorlash hamda nashr etib borish.