Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari dastlabki tarzda muhokama qilindi

    Mamlakatimizda 19 Aprel 2021 768

    Joriy yil 19-aprelda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasining majlisi boʻlib oʻtdi.

    Unda senatorlar, Qoʻmita huzuridagi ekspertlar Kengashi aʼzolari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    Majlisda Oliy Majlis Senatining oʻn toʻrtinchi yalpi majlisida muhokama qilinishi nazarda tutilgan masalalar dastlabki tarzda koʻrib chiqildi.

    Xususan, xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari muhokama qilindi.

    Qayd etilganidek, oʻtgan davr mobaynida xotin-qizlar tadbirkorligi borasida yagona va yaxlit “Mahalla-Tuman (shahar)-Viloyat-Respublika” tizimi yaratilgan. Qishloq joylarda istiqomat qiluvchi vaqtincha ishsiz ayollar va umumtaʼlim maktablari bitiruvchilarini tadbirkorlikka yoʻnaltirish, moliyaviy savodxonligini oshirish uchun onlayn “Biznes klinikalar” tashkil etilgan.

    Bugungi kunda 69 ming 877 nafar tadbirkorlik bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan xotin-qizlarning 19 ming 643 nafariga (28%) kreditlar berilgan boʻlib, faoliyatini toʻxtatganlarni qoʻllab-quvvatlash uchun xorijiy loyihalar ham jalb etilmoqda.

    Xususan, Koreyaning “Good Neighbors International” nodavlat notijorat tashkiloti va Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan hamkorlikda Mirzachoʻl tumani “Mustaqillik” mahallasida qiymati 1,2 million dollar boʻlgan “Tadbirkorlik salohiyatini oshirish orqali aholi bandligini taʼminlash va biznes startaplarni ishga tushirish” loyihasi doirasida 400 nafar xotin-qizni xizmat koʻrsatish va tadbirkorlik boʻyicha professional oʻqitish, kredit, subsidiya olishlarida yaqindan yordam koʻrsatish loyihasi amalga oshirilmoqda.

    Shuningdek, Jahon banki guruhi bilan hamkorlikda Fargʻona va Jizzax viloyatlarida qiymati 2 million 728 ming dollar boʻlgan “Oʻzbekistondagi qishloq ayollarining iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish” loyihasi doirasida qishloq joylardagi ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish rejalashtirilgan.

    Uzoq yillardan buyon ishsiz yoki bola parvarishida boʻlgan, chet davlatdan qaytgan, pandemiya munosabati bilan ishsiz qolgan ayollardan 14 mingdan ziyodi doimiy ishga, 30 ming nafari oilaviy tadbirkorlik faoliyatiga jalb etilib, afv etilgan 38 nafar ayolga tadbirkorlik uchun koʻmaklashilgan.

    Bundan tashqari, joriy yilning 18-yanvarida Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda Qoʻshma qaror qabul qilingan. Unga koʻra, bugun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi qoshidagi 14 ta va Yoshlar ishlari agentligi tomonidan 3 ta oʻquv muassasada tadbirkorlik koʻnikmalariga ega boʻlish va taʼlim olish imkoniyati yaratilgan.

    Oʻtgan yilda 5,5 ming nafar ayollarning kichik biznes loyihalari uchun imtiyozli kreditlar asosida 102 milliard soʻm mablagʻ ajratilib, xotin-qizlar uchun 4 ming 364 ta yangi ish oʻrinlari yaratilgan.

    Shuningdek, Xalq banki, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, “Tadbirkor ayol” Oʻzbekiston ishbilarmon ayollar Assotsiatsiyasi oʻrtasida “Ayollar daftari”ga kirgan xotin-qizlarni oʻqitish maqsadida oʻzaro hamkorlik qilish yuzasidan imzolangan Memorandumga koʻra joriy yilda 26 ming 508 nafar xotin-qizga sertifikatlar berilib, ularni tadbirkorlikka yoʻnaltirish belgilangan.

    Majlisda Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi tomonidan bu boradagi mavjud muammolarni bartaraf etish boʻyicha olib borilayotgan ishlar nazoratga olinishi qayd etildi.

    Koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.