Mazkur Qonun Hukumat faoliyatini yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirish va uning zamonaviy sharoitda samarali ishlashini taʼminlashga qaratilgan.
Qonun bilan Vazirlar Mahkamasining vazifa va vakolatlariga doir bir qator oʻzgartirish va qoʻshimchalar mustahkamlanmoqda. Xususan, ijro etuvchi hokimiyatning iqtisodiyot, byudjet, moliya, soliq, ijtimoiy, ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohalaridagi vakolatlari aniq belgilanmoqda.
Shuningdek, Bosh vazir, uning oʻrinbosarlari va vazirlarni lavozimiga tayinlash va lavozimidan ozod etish tartibi, ularning majburiyatlari, vazifalari hamda shaxsiy javobgarligi aniqlashtirilmoqda.
Bundan tashqari, Qonunda Hukumat faoliyatining masʼuliyati va ochiqligini oshirishga qaratilgan qator muhim oʻzgarishlar aks etgan. Jumladan, Bosh vazir, uning oʻrinbosarlari va vazirlar har yili Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga mamlakatimiz hayotidagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalar yuzasidan hisobot taqdim etishi nazarda tutilgan.
Hukumat faoliyatida ish tartibini soddalashtirish uchun yangicha yondashuvni taʼminlash maqsadida mazkur Qonun bilan Vazirlar Mahkamasi doirasidagi barcha masalalar Hukumat majlislarida hal etilishi belgilab qoʻyilmoqda.
Shu bilan birga, vazirlarning turli yoʻnalishlar boʻyicha masʼuliyati va shaxsiy javobgarligi kuchaytirilmoqda.
Jumladan, oʻzi rahbarlik qilayotgan vazirlikda ishni samarali tashkil etishi, biriktirilgan soha va tarmoqlarda yagona davlat siyosatini samarali olib borishi, uni rivojlantirish boʻyicha natija va oqibatlar uchun shaxsan javobgar boʻlishi belgilanmoqda.
Qizgʻin kechgan muhokamada senatorlar mazkur Qonun davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining turli darajalari oʻrtasida izchillik va harakatlarni muvofiqlashtirish tamoyiliga asoslanishi, bu esa samarali davlat boshqaruvining asosiy omili ekanini qayd etdi.
Muhokama yakunida senatorlar Qonun davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirishda, uning samaradorligi va aholi oldidagi masʼuliyatini yanada oshirishda muhimligini taʼkidlab, uni maʼqulladi.