Monitoringda 93 ta vazirlik, idora va mahalliy davlat hokimiyati organlarining 2023-yil 3-choragidagi faoliyati mobaynida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PF-6247-son farmonida belgilangan ijtimoiy ahamiyatga molik 35 ta toifadagi maʼlumotlarni eʼlon qilish darajasi oʻrganildi.
Monitoringda 21 ta vazirlik, 7 ta qoʻmita, 11 ta agentlik, 7 ta markaziy muassasa, 13 ta hokimlik va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, 23 ta davlat ulushi mavjud tashkilot va 10 ta bank tomonidan maʼlumotlarni belgilangan axborot resurslarida eʼlon qilinishi tahlil qilindi. Monitoring qilingan 93 ta vazirlik, idora va hokimliklar tomonidan umumiy 52 foiz samaradorlik koʻrsatkichi (eʼlon qilinishi lozim boʻlgan 1103 ta maʼlumotlardan 577 tasi eʼlon qilingan) qayd etildi.
Ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlarni eʼlon qilish darajasi 8 ta davlat organi faoliyatida 100 foiz, 11 tasida 80 %dan yuqori, 23 tasida 50 foizdan yuqori va 51 tasida 50 foizdan past samaradorlik koʻrsatkichlarida ijro etilgan. Shuningdek, idoralar kesimida ijro samaradorligi vazirliklar faoliyatida 66 foizni, qoʻmitalarda 56 foizni, agentliklarda 54 foizni, hokimliklarda 56 foizni, davlat ulushi mavjud tashkilotlarda 43 foizni, banklarda 32 foizni va markaziy muassasalarda 31 foizni tashkil etgan.
Tahlillarga koʻra, ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlarni ochiq eʼlon qilish darajasi boʻyicha eng qoniqarsiz koʻrsatkich markaziy muassasalar, davlat ulushi mavjud tashkilotlar va banklar hissasiga toʻgʻri keladi. Monitoring jarayonida aniqlanishicha, davlat organlari tomonidan aksariyat hollarda byudjet va byudjetdan tashqari mablagʻlarning xarajatlariga oid maʼlumotlarni ochiq eʼlon qilishda jiddiy kamchiliklarga yoʻl qoʻyilmoqda.
Jumladan, davlat organlari faoliyatidagi davlat xaridlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar 47 foiz, mansabdor shaxslarning xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari 44 foiz, xizmat avtomototransport vositalari, xizmat uylari va boshqa koʻchmas mulklar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar 59 foiz, xarajatlar smetasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar 42 foiz koʻrsatkichlarda eʼlon qilingan.
Oʻrganish yakuniga koʻra, Agentlik tomonidan 23 ta davlat organlari va tashkilotlariga ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarning buzilishiga yoʻl qoʻygan masʼul xodimlarni intizomiy javobgarlikka tortish toʻgʻrisida taqdimnoma kiritildi, deb xabar beradi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati.