Vazirlik masalaga aniqlik kiritilmaguncha turlicha talqin qilmaslikka chaqirdi

    Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda tez tibbiy yordam xodimining chaqiruv manzilida bemorga nomaqbul xatti-harakatlar qilgani aytilayotgan xabarlarga munosabat bildirdi.

    Unga koʻra, ayni paytda mazkur holat boʻyicha vazirlik ishchi guruhi tomonidan oʻrganish olib borilmoqda. “Uning natijalari boʻyicha batafsil xabar beriladi. Vaziyatga aniqlik kiritilmaguncha jamoatchilik vakillaridan masalani turlicha talqin qilmasliklarini soʻraymiz”, — deyiladi bayonotda.

    Eslatib oʻtamiz, Toshkentdagi universitetda dars beradigan, xorijiy tillar boʻyicha PhD qilmoqchi boʻlgan olima "Tez yordam shifokori zoʻravonligiga uchragani haqida bloger Shahnoza Soatova maʼlum qilgan edi.

    Maʼlum qilinishicha, bir nafar yosh bolasi bilan yolgʻiz yashovchi ayol 16-noyabrdan 17 chiga oʻtar kechasi tobi qochgan, “Tez yordam” chaqirgan. Yolgʻiz oʻzi yosh bolasi bilan yashagani va kechqurun boʻlgani uchun iloji boʻlsa ayol shifokor soʻragan. Lekin ikki soatda ham ayol shifokor topilmagani uchun tungi soat 00:15 da erkak shifokor bir oʻzi kirib kelgan. Uchta shprisda ukol qilgan. Oxirgisini qilayotgan paytdayoq ayol oʻzini gʻalati his qila boshlagan. “Miyam birdan mast odamnikiday garang boʻlib qoldi, osmonga uchayotgandek boʻldim. Es-hushim joyida, lekin oyoq-qoʻlim boʻshashib, oʻzimga boʻysunmay qoldi” deydi ayol.

    “Tez yordam” shifokori ayolning ojizligidan foydalanib unga nojoʻya qiliqlar qilgan, qoʻli bilan jinsiy zoʻrlagan. Yana koʻproq ishlar qilmoqchi boʻlganu, ayol holi boricha qarshilik qilavergach, nihoyat ketgan.

    Ayol ertasi kechgacha xayoli oʻzida boʻlmagan, kechga borib nima boʻlganini anglab, 102 ga qoʻngʻiroq qilgan, lekin uchastka noziri yetarli tezkorlik koʻrsatmagan, ayolga “baribir isbotlashingiz qiyin” deb murojaatidan voz kechishga undagan. Ayol qatʼiyat koʻrsatgach, sudmedekspertizaga yoʻllanma bergan.

    Ayol sudmedekspertizaga borgan, ish kuni tugab qolgani uchun ishi bitmagan. Ertasi shanba ham shu ahvol. Sudmedekspertiza, narkologiyaga borib vaqti zoye ketgan. Uchastkovoy esa hamon “baribir isbotlay olmaysiz” pozitsiyasida. “Tez yordam” qoldirib ketgan shprislardagi modda qoldiqlarini ham hech kim eʼtiborga olmayapti. Portalga qilingan qoʻngʻiroqlar, murojaatlar oxirigacha eshitilmay qoʻyib qoʻyilyapti.