XTV shahrisabzlik oʻquvchilar yupun kiyimda tadbirga jalb qilinganini tanqid qildi

    Shahrisabz shahridagi 1-maktab hovlisida tashkil etilgan ushbu oʻquvchilarga mutlaqo aloqasi boʻlmagan tadbirga bolalar jalb etilgan.

    Xalq taʼlimi vazirligi ushbu holatga munosabat bildirdi.

    Vazirlik maktab oʻqituvchi va oʻquvchilarini darsdan tashqari ularning salomatligi hamda xavfsizligiga xavf soladigan turli tadbirlarga jalb qilmaslik boʻyicha doimiy ravishda ogohlantirib keladi.

    "Afsuski, shunga qaramay ushbu suratdagi kabi ayanchli holatlar yuzaga kelmoqda. Bolalarning maktabdan tashqari vaqtlarda tadbirga jalb etilishi va eng achinarlisi, sovuq ob-havo sharoitiga qaramay ularning yupun kiyimlarda ekanligi ushbu hududdagi har bir mutasaddining aybi, deb hisoblaymiz.

    Xalq taʼlimi vazirligi hudud mutasaddilari sanalgan hokimlar, sektor rahbarlari, huquq-tartibot organlari masʼullaridan taʼlim muassasada maktab vaqtidan tashqari tadbirlarni tashkil etayotganda maktab oʻquvchi va oʻqituvchilarini jalb qilib, bu kabi holatlarga yoʻl qoʻymasliklarini qatʼiy soʻrab qoladi.

    Shu bilan birga joylardagi xalq taʼlimi boshqarma, boʻlimlari va maktab rahbarlaridan ham tegishli xulosalar chiqargan holda, bunday harakatlarga yoʻl qoʻymasliklari yuzasidan qatʼiy ogohlantiriladi," deyiladi bayonotda.

    Maʼlumot uchun, mazkur holat Shahrisabz shahar Yoshlar ishlari agentligi va sektor rahbarlari Yoshlar daftarida turganlarga navbatdagi subsidiya asosida mehnat qurollarini va toʻlovlar uchun sertifikatlar topshirish marosimidan olingan surat.