Korrupsiyani oldini olish, omillari bilan ishlash uchun 117 ta vazirlik va idoradagi “korrupsiyaga qarshi ichki nazorat” tuzilmalarida 1 ming 285 xodim ishlamoqda. Lekin, korrupsiyaviy omillarni bartaraf etishda ularning oʻrni ham, masʼuliyati ham sezilmayotgani qayd etildi.
Har yili biznes muhitini yaxshilash, investitsiya jalb qilish, yangi ish oʻrinlari yaratishda byurokratiya va toʻsiqlarga barham berish boʻyicha oʻnlab qarorlar qabul qilinmoqda.
Masalan, 6,5 ming turdagi mahsulotni ishlab chiqarish va olib kirishda tadbirkorlarga muvofiqlikni baholash majburiyati yuklangan. Shundan 3 ming 700 turdagi tovar boʻyicha har bir partiyaga alohida sertifikat olish shart.
Shunday roʻyxatlar sanitariya, karantin, veterinariya idoralarida ham bor. Bojxona esa bu roʻyxatlarni hammasi bilan ishlaydi.
Tadbirkorlarni qiynab, korrupsiyaga omil boʻlayotgan bunday roʻyxatlarni qisqartirish boʻyicha bu idoralarning komplayens xodimlari hech qanday taklif bermagan.