Vazirliklarning 5 mingta funksiyasidan faqat 30 foizi raqamlashgan — Prezident

    Hukumat 22 Fevral 2023 1609

    Yigʻilishda vazirliklarning funksiyalari raqamlashmagani tanqid qilinib, raqamli texnologiyalardan foydalanish koʻlamini yanada oshirish zarurligi taʼkidlandi.

    Masalan, vazirliklarning 5 mingta funksiyasidan faqat 30 foizi raqamlashgan.

    Elektr energiyasi isteʼmolini nazorat qilish va hisobga olish avtomatlashtirilgan tizimining (EHNAT) 160 dan ortiq funksiyasi boʻlsada, hozirda faqat 1-2 tasidan foydalanilayapti, xolos. Jumladan, tuman elektr tarmoqlari korxonalari qayerda avariya boʻlganini faqat aholi murojaati orqali biladi.

    Shu kabi masalalar tartibga solinmagani tanqid qilinib, mutasaddilarga EHNAT imkoniyatlarini toʻliq inventarizatsiya qilib, ularni hududlarning elektr balansini shakllantirish, noqonuniy ulanishlar va avariyalarni nazorat qilish, isteʼmolni rejalashtirish kabi yoʻnalishlarda ishlatish topshirildi.

    Aholi eng koʻp murojaat qiladigan ichki ishlar idoralarida 34 ta, adliya idoralarida 32 ta, “Oʻzstandart”da 29 ta, sogʻliqni saqlashda 11 ta xizmat elektron shaklga oʻtkazilmagani qayd etildi.

    Misol uchun, ishga yoki oʻqishga kirish, haydovchilik guvohnomasini olishda kerak boʻladigan “086-shakl” tibbiy maʼlumotnomani olish uchun odamlar har safar poliklinikaga murojaat qilishga majbur.

    Yerlarni xususiylashtirish uchun murojaat onlayn beriladi. Ammo kommunal sohadagi maʼlumotlar raqamlashmagani bois, keyingi bosqichlar baribir “qoʻlda” qilinmoqda.

    Yoki, yiliga 300 mingdan ziyod xaridor yangi mashina sotib oladi. Lekin, roʻyxatdan oʻtish va davlat raqami olish uchun haligacha yoʻl harakati xavfsizligi xizmatiga borish zarur.

    Prezidentimiz qolgan vazirliklarda ham raqamlashtirish boʻyicha hali xalqimizni rozi qiladigan tizim toʻliq yaratilmaganini taʼkidladi.