Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Milliy paralimpiya assotsiatsiyasi, Oʻzbekiston velosiped sporti federatsiyasi, Sportning qishki va murakkab texnik turlari boʻyicha respublika oliy sport mahorati maktabi, “Asakabank” hamda qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda oʻtkazilayotgan mazkur chempionatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahri terma jamoalari qatnashmoqda.

Chempionat ochilishiga bagʻishlab oʻtkazilgan marosimda mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, faxriy sportchilar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda sport sohasiga qaratilayotgan ulkan eʼtibor va bu borada amalga oshirilayotgan ishlar xususida soʻz yuritildi. Yurtimiz nomini xalqaro maydonda sharaflash, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish hamda aholi salomatligini mustahkamlashda sport, jumladan velosportning muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.

Prezidentimizning 2020-yil 30-oktyabrdagi “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonining qabul qilinishi, hujjatga muvofiq, bosqichma-bosqich barcha tumanlarning aholi uchun qulay boʻlgan koʻchalarida velosipedda yurish uchun “Salomatlik yoʻlaklari”ni tashkil etish singari vazifalarning belgilanishi velosiped uchish, velosport bilan shugʻullanish salomatlik uchun koni foyda ekanidan dalolat.

Tadbir ochilishida mehmonlar va chempionat qatnashchilariga milliy taomimiz – sumalak tortiq etildi. Bu esa sportchi va mehmonlarga oʻzgacha bahoriy kayfiyat ulashdi.

Para velosport turi boʻyicha trener Dilmurod Siddiqov musobaqaning bu tarzda koʻtarinki ruhda boshlangani sportchilar qayd etadigan natijalarga ham ijobiy taʼsir koʻrsatishini aytdi.

– Respublika miqyosida kuchli sportchilarni jamlagan mazkur chempionatda birinchi bor para velosportchilarning ishtirok etayotgani tarixiy voqelikdir. Milliy paralimpiya assotsiatsiyasida para velosport turi ochilganiga koʻp vaqt boʻlmasa-da, chempionatda ishtirok etish istagini bildirganlar talaygina. Mazkur chempionatda yaxshi natijalarni qayd etgan sportchilarni saralab olishni maqsad qilganmiz.

Chempionatning birinchi kunida erkaklar oʻrtasida shaxsiy poygada 4 km masofaga kechgan bahsda Danil Yevdakimov, ayollar oʻrtasidagi shaxsiy poygada 3 km masofaga oʻtkazilgan musobaqada Yanina Kuskova birinchilikni qoʻlga kiritdi. Shuningdek, Yanina Kuskova ayollar oʻrtasidagi guruh poygada ham birinchi boʻlib marra chizigʻini kesib oʻtdi. Erkaklar oʻrtasidagi guruh poygada esa Kamron Mirzarahimov 1-oʻrinni egalladi.

Poytaxtimizdagi velotrek bazasida tashkil etilgan mazkur Oʻzbekiston chempionati karantin qoidalariga toʻliq rioya etilgan holda oʻtkazilayotgan boʻlib, bahslar 19-20-21-mart kunlari ham davom etadi.