Vengriya bilan hamkorlikda Ustav kapitali 50 million yevro boʻlgan Maxsus investitsiya jamgʻarmasi tuziladi

    Xalqaro hamkorlik 4 Aprel 2023 1160

    Joriy yil 3-aprelda investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Vengriya Iqtisodiy rivojlanish vaziri Marton Nadji bilan videokonferensaloqa tarzida muzokaralar oʻtkazdi.

    Suhbat chogʻida ikki davlat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalari va kelgusidagi chora-tadbirlari muhokama etildi.

    Soʻnggi yillarda koʻp qirrali Oʻzbekiston-Vengriya munosabatlari rivojlanishining ijobiy dinamikasi qayd etilib, strategik sheriklik koʻlamini yanada kengaytirish maqsadida barcha darajalarda faol hamkorlikni davom ettirishga tayyorlik bildirildi.

    Investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha navbatdagi chora-tadbirlar koʻrib chiqildi. Ustav kapitali 50 million yevro boʻlgan Maxsus investitsiya jamgʻarmasini yaratish masalasi kelishib olindi, unda Vengriya tomonidan Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi huzuridagi Milliy investitsiya xoldingi taʼsischi sifatida ishtirok etadi. Yangi tashkil etilgan jamgʻarma venger kompaniyalarining Oʻzbekistondagi loyihalarini moliyalashtiradi.

    Qoʻshma loyihalarni amalga oshirish jarayoni muhokama etildi. Vengriya tomoni Bonapharm kompaniyasining Toshkent viloyatida parrandachilik klasterini yaratish niyatini tasdiqladi. “Hagyo” va “Polus” kompaniyalari tomonidan oʻzbekistonlik hamkorlar bilan birgalikda Qoraqalpogʻiston Respublikasida qizilmiyani qayta ishlash majmuasini tashkil etish boʻyicha ishlar olib borilyapti. “Meditop Pharmaceutical” kompaniyasi bilan innovatsion dori vositalari ishlab chiqarish, “Raba Automotive Holding” va “Joyson Safety Systems” bilan avtomobil butlovchi qismlarni ishlab chiqarish loyihalari hayotga tatbiq etilyapti. Tomonlar har bir loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirishda tashabbuskorlarni birgalikda qoʻllab-quvvatlashga kelishib oldilar.

    Ikki tomonlama tadbirlarni oʻtkazish boʻyicha istiqboldagi rejalar muhokama etildi, xususan, Oʻzbekiston-Vengriya hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yigʻilishini joriy yil 22-23-may kunlari Budapesht shahrida oʻtkazishga kelishib olindi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.