Vengriya bilan sarmoyaviy hamkorlik mustahkamlanib boryapti

    Xalqaro hamkorlik 28 Iyul 2023 1278

    Joriy yil 26-27-iyul kunlari O‘zbekiston delegatsiyasining Vengriyaga tashrifi doirasida Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Vengriya hukumatlararo komissiyasining (HK) 8-yig‘ilishida va uning doirasida tashkil etilgan qo‘shma biznes-forumda ishtirok etdi hamda qator ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdi.

    HK yig‘ilishida tarmoqlar kesimida ikki tomonlama hamkorlikning joriy dinamikasi batafsil tahlil etildi. Ikki mamlakat iqtisodiyoti bir-birini to‘ldirayotgani ta’kidlandi va shu nuqtai nazardan ustuvor sohalarda o‘zaro munosabatlarning mavjud salohiyati va imkoniyatlarini to‘liq ro‘yobga chiqarish bo‘yicha navbatdagi amaliy tadbirlar ishlab chiqildi.

    Yig‘ilish doirasida ikki mamlakatning 200 dan ortiq ishbilarmon va rasmiy doiralari vakillari ishtirokida biznes-forum ham bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston tomoni investorlarning qulay faoliyat yuritishi uchun mamlakatda joriy etilgan shart-sharoitlarni taqdim etdi hamda yangi qo‘shma loyiha va tashabbuslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

    Vengriya tashqi ishlar vaziri Petr Siyyarto bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida Vengriya tomoni O‘zbekiston bilan do‘stlik va samarali ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash borasidagi ikki davlat rahbarlarining qat’iy siyosiy irodasi tufayli ko‘p qirrali munosabatlar tez sur’atlarda rivojlanib borayotganini yuqori baholadi.

    Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va sanoat sohalarida hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi. Tomonlar investitsiya jamg‘armasining ishga tushirilishini olqishladilar.

    Tomonlar mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarni faollashtirish maqsadida Toshkent va Budapesht shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, o‘zaro sayyohlik oqimining o‘sishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilayotgan viza tartib-taomillarini soddalashtirishga kelishib oldilar.

    Bundan tashqari, tashrif doirasida Vengriyaning yetakchi kompaniyalari: KESH, Gedeon Rixter, Meditop, Wizz Air, Bonafarm, Mall Group va Semmelweis University rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi va ular davomida bir qator aniq kelishuvlarga erishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.

    Tashrif yakunida qayd etilganidek, Vengriya va O‘zbekiston hukumati va ishbilarmon doiralarining aniq amaliy natijalarni qo‘lga kiritishga intilayotgani erishilgan kelishuvlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish va o‘zaro manfaatli O‘zbekiston-Vengriya sherikligini yanada kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratyapti.