Vengriya bilan tibbiyot sohasida hamkorlik aloqalari yanada kengayadi

    Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov Vengriyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yojef Roja bilan uchrashuv o‘tkazdi.

    Unda qayd etilganidek, O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi transformatsiyasi jarayonida Vengriya bilan o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor.

    Bugungi kunda ushbu mamlakat bilan sheriklik aloqalarini kengaytirish bo‘yicha aniq rejalar va istiqbolli yo‘nalishlar belgilab olingan. Xususan, joriy yil iyul oyida yurtimiz sog‘liqni saqlash tizimi mas’ullaridan iborat guruhning hukumatimiz delegatsiyasi tarkibida Vengriyaga tashrifi doirasida ham tibbiyot sohasida o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan qator muhim kelishuvlar imzolangan edi.

    Jumladan, hozir ushbu mamlakatning bir qancha nufuzli farmatsevtika korxonalari bilan Vengriya dori vositalarining yurtimizda ishlab chiqarilishini mahalliylashtirish, sifat nazorati, shuningdek, farmatsevtika xodimlarining malakasini oshirish kabi yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.

    Uchrashuvda ana shu loyihalar ijrosini jadallashtirish muhimligi ta’kidlandi.

    Muloqot chog‘ida tibbiy ta’lim sohasidagi hamkorlikni faollashtirish masalasi ham muhokamalar markazida bo‘ldi.

    Jumladan, Vengriyaning Zemmelvays, Debretsen kabi nufuzli universitetlari bilan birgalikda tibbiyot sohasida kadrlar tayyorlash, akademik almashinuv va qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.

    Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, Vengriya hukumati tomonidan “Stipendium Hungaricum” dasturi doirasida O‘zbekiston fuqarolariga ushbu xorijiy mamlakat oliy ta’lim muassasalarida bakalavriat, magistratura va doktorantura bosqichlarida o‘qish uchun yiliga jami 170 tadan ta’lim grantlari ajratib kelinmoqda.

    Ta’kidlanganidek, ushbu dastur ham tibbiy ta’lim sohasidagi hamkorligimizni rivojlantirish, shu jumladan o‘zbekistonlik yoshlarning Vengriyaning tibbiyot oliygohlarida Yevropa standartlari asosida o‘qishi uchun yaxshi imkoniyatdir.

    Muzokaralar davomida Vengriyaning yetakchi universitetlari o‘qituvchi va professorlarini yurtimizdagi tibbiy oliygohlar hamda tibbiyot markazlarida ma’ruzalar o‘qish, amaliy mashg‘ulotlar va mahorat dasrlarini o‘tishga jalb qilish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.