Unda “Spectrum” kompaniyasi tomonidan Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalar portfelini kengaytirish va joriy oktyabr oyida Qoʻqon shahrida boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston-Vengriya biznes-forumiga tayyorgarlikning borishi bilan bogʻliq masalalar koʻrib chiqildi.
Jozef Kovachning aytishicha, hozirda ushbu kompaniya Oʻzbekistonga yangi turdagi bankomat uskunalarini yetkazib berish boʻyicha loyiha ustida ish olib borilyapti.
— “12-15-oktyabr kunlari AQSHda “NSR” kompaniyasining yangi mahsulotlarning taqdimoti boʻlib oʻtadi va bu kabi yangi innovatsion imkoniyatlarni birinchilardan boʻlib Oʻzbekistonda tatbiq etish rejalashtirilgan”, — dedi u.
U, shuningdek, Oʻzbekistonda “Kartoshkachilik markazi”ni tashkil etish boʻyicha ishlar qizgʻin kechayotganini bildirdi. Qayd etilishicha, kompaniya mutaxassislari tajriba tariqasida Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanida Vengriya kartoshka navlarini ekib, tadqiqot natijalarini kutmoqda. Shuningdek, “Spectrum” kompaniyasi rahbari yangi yoʻnalishlardan biri boʻlgan baliqchilik sohasida ham hududlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirishga qiziqish bildirdi.
Tomonlar joriy oktyabr oyida Qoʻqon shahrida boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan biznes-forumga Budapesht Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda Vengriyaning yetakchi tadbirkorlarini jalb etish va tadbirni yuqori darajada oʻtkazishga barcha kuch hamda imkoniyatlarni safarbar etishga kelishib oldilar, deb xabar beradi “Dunyo” AA.